Florentino Perez Xabi Alonso va Vinicius Junior masalasiga oydinlik kiritdi

Real Madrid prezidenti Florentino Perez Xabi Alonso bosh murabbiylik lavozimiga tayinlangani xato bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlarni rad etdi. Garchi mutaxassisning faoliyati yanvar oyida muddatidan avval yakunlangan bo‘lsa-da, Perez bu qaror o‘sha vaziyatda to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Perezning so‘zlariga ko‘ra, jamoaning mavsumoldi tayyorgarlik ko‘rmagani va futbolchilarning jismoniy charchoqlari muvaffaqiyatsizliklarga sabab bo‘lgan. Ispaniya Superkubogi finalida Barselona’dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Xabi Alonso iste’foga chiqarilgandi.
Vinicius Junior’ning shartnomasi borasidagi xavotirlarga to‘xtalar ekan, prezident braziliyalik futbolchi bilan kelishuvni uzaytirishga shoshilish kerak emasligini aytdi. Vinicius’ning amaldagi shartnomasi 2027-yilga qadar mo‘ljallangan va klub rahbariyati bu masalani mavsum davomida hal qilishni rejalashtirmoqda.
Alvaro Arbeloa vaqtinchalik murabbiy sifatida mavsumni yakunlagan bo‘lsa-da, Real Madrid La Liga chempionligini Barselona’ga boy berdi va Chempionlar ligasi chorak finalida Bavariya’ga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi. Endilikda klub oldida yangi murabbiy tanlash va tarkibni kuchaytirish vazifasi turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!