Jose Mourinho Real Madridga qimmatga tushishi kutilmoqda

OAVda tarqalgan soʻnggi xabarlarga koʻra, Jose Mourinho yana Real Madrid boshqaruvini qoʻlga olishga yaqin turibdi. Biroq, ushbu tayinlov klub uchun kutilganidan ancha qimmatga tushishi mumkin. Bild nashri va Portugaliyaning RTP telekanali maʼlumotlariga koʻra, murabbiyning Benfica bilan shartnomasidagi tovon puli miqdori boʻyicha muddat oʻtib ketgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Dastlab Real Madrid 63 yoshli mutaxassisni 7 million yevro evaziga oʻz safiga qoʻshib olishi mumkin edi, ammo seshanba kungi muddat ichki nizolar sababli oʻtkazib yuborildi. Endilikda "Qirollik klubi" Jose Mourinho uchun 14 million yevro toʻlashiga toʻgʻri keladi. Murabbiyning Lissabon klubi bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha imzolangan.
Klub prezidenti Florentino Pérez matbuot anjumanida OAVni tanqid qilib, prezidentlik saylovlarini oʻtkazishga chaqirdi. Ayni damda unga Enrique Riquelme raqiblik qilmoqda. Shu sababli, Jose Mourinho bilan kelishuv saylov natijalari maʼlum boʻlgunga qadar toʻxtatib qoʻyilgan. Shunga qaramay, Benfica rahbariyati "The Special One"ning Madridga qaytishiga ishonmoqda.
Mourinho ketgan taqdirda, Benfica boshqaruvini Fulxem ustozi Marco Silva egallashi kutilmoqda. Jose Mourinho Portugaliya klubidagi faoliyati davomida magʻlubiyatsiz seriya qayd etgan boʻlsa-da, sovrin yuta olmadi. Chempionlar ligasi pley-off bosqichida esa aynan Real Madrid toʻsigʻidan oʻta olmagan edi.
Real Madrid uchun mavsum omadsiz boshlandi. Xabi Alonso jamoani tark etgach, uning oʻrniga kelgan Álvaro Arbeloa ham kutilgan natijalarni koʻrsata olmadi. Barselona bilan Superkubok finalidagi magʻlubiyat va ichki nizolar klubni yangi murabbiy izlashga majbur qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!