Sergio Ramosning Sevilla klubini sotib olish rejasi barbod boʻldi

Real Madrid va Ispaniya terma jamoasi afsonasi Sergio Ramosning Sevilla klubini sotib olish boʻyicha muzokaralari kutilmaganda toʻxtatildi. Sobiq himoyachi va uning investitsiya guruhi tomonidan taklif qilingan mablagʻ miqdori keskin kamaytirilgani sababli, Andalusiya klubi egalari kelishuvdan voz kechishga qaror qilishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
El Desmarque nashrining xabar berishicha, ikki hafta oldin tomonlar 440 million yevrolik kelishuv boʻyicha niyat maktubini imzolashgan edi. Dastlabki rejaga koʻra, ushbu mablagʻning 80 millioni ustav kapitalini oshirishga, 290 millioni aksiyadorlarga va qolgan qismi klubning sof qarzlarini yopishga yoʻnaltirilishi kerak edi. Biroq, chorshanba kungi uchrashuvda vaziyat tubdan oʻzgarib ketdi.
Sergio Ramos muzokaralar stoliga yangi vakil — meksikalik investorlar manfaatini himoya qiluvchi nufuzli huquqshunos Roberto Alvarez bilan keldi. Yangi konsorsium klubning umumiy qiymatini ikki baravarga kamaytirib, 220 million yevrolik yangi taklifni ilgari surdi. Ushbu yangi shartlarga koʻra, guruh 120 million yevro evaziga klubning 42 foiz nazorat paketiga ega boʻlishni koʻzlagan edi.
Sevilla rahbariyati ushbu taklifni klub kelajagi uchun mutlaqo qabul qilib boʻlmas deb hisobladi va muzokaralarni bir tomonlama toʻxtatdi. Maʼlum boʻlishicha, Ramosning yangi taklifi hatto direktorlar kengashi avvalroq rad etgan boshqa investorlarning taklifidan ham pastroq boʻlib chiqqan. Besh oy davom etgan murakkab muzokaralar natijasiz yakunlandi.
Hozirda Sevilla moliyaviy holatni barqarorlashtirish uchun zudlik bilan yangi investorlar qidirmoqda. Klub ustav kapitalini oshirishi shart boʻlgani sababli, rahbariyat boshqa qiziqish bildirayotgan tomonlar bilan yangi muloqotlarni boshlashga tayyorlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!