Kylian Mbappe va Jahon chempionati: Real Madrid yulduzi uchun najot turniri

2026-yilgi Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qolayotgan boʻlsa-da, Kylian Mbappe atrofidagi shov-shuvlar kutilganidan pastroq. Bunga sabab sifatida hujumchining Real Madrid safidagi omadsiz mavsumini koʻrsatish mumkin. Bernabeu muxlislari bilan munosabatlari yomonlashgan futbolchi uchun Shimoliy Amerikadagi turnir oʻzini qayta kashf etish va klubdagi bosimdan qutulish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mbappe yakunlangan mavsumda sermahsullik koʻrsatgan boʻlsa-da, birorta yirik sovringa ega chiqa olmadi. Madrid klubi ichidagi mojarolar va rahbariyat bilan yuzaga kelgan tushunmovchiliklar fonida u muxlislar nazaridan qoldi. Endilikda 27 yoshli hujumchi bor eʻtiborini Fransiya terma jamoasiga qaratib, 2022-yilgi finaldagi magʻlubiyat alamini olish va jahon tojini qaytarishni maqsad qilgan.
Statistikaga nazar tashlasak, Mbappe La Ligada 25 ta, Chempionlar ligasi va Ispaniya kubogida esa 17 ta gol urib, umumiy 40 talik dovonni zabt etdi. Biroq mavsumning ikkinchi yarmi u uchun ancha ogʻir kechdi. Fevral oyidan boshlab jarohatlar va vaqtinchalik bosh murabbiy Alvaro Arbeloa bilan yuzaga kelgan sovuq munosabatlar tufayli u bor-yoʻgʻi 4 bor raqiblar darvozasini ishgʻol qila oldi.
Real Madrid uchun bu ketma-ket ikkinchi sovrinsiz mavsum boʻldi. 2024-yilda Pari Sen-Jermen klubidan erkin agent sifatida koʻchib oʻtgan Mbappe hali ham Madridda oʻz oʻrnini toʻliq topa olgani yoʻq. Shunga qaramay, Jahon chempionati — bu uning sevimli maydoni va u Shimoliy Amerikada yana bir bor tarix yozishga tayyor.





























Izohlar 0
…