Qodirov: Yaponlardek o‘ylamasak, bu maktabni 100 yilda ham bitirolmaymiz

«Milliy tiklanish» DP raisi Alisher Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2026 guruh bosqichidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokiga munosabat bildirdi. Siyosatchi Kongo DRga qarshi o‘yindan (1:3) so‘ng o‘z Telegram-kanalida keskin va mulohazali post qoldirdi:
«0 - murabbiy ishi, darvozabon, jamoa ruhi, jamg‘arilgan ochko, milliardlab xarajatga sotib olingan qiymat va kelajakka umid…
Biz 1-sinfida hijjalab harf terayotgan maktabni 8-sinfida o‘qiyotgan yaponlardek o‘ylamasak, bu maktabni 100 yilda ham bitirolmaymiz…»
Alisher Qodirov o‘z postiga yaponiyalik mutaxassis Sato San bilan bo‘lgan suhbat videosini ilova qilgan. Quyida ushbu qiziqarli intervyuning matnli shaklini taqdim etamiz.
Sato San: «Mag‘lubiyat juda yaxshi narsa»
— Sato San, futbolni siz ham ko‘rdingiz, battar bo‘l degandek gapiryapsiz. Buning sababini tushuntirib bering.
— Mag‘lubiyat juda yaxshi narsa. 1998 yili Yaponiya ilk marta Jahon chempionatiga chiqqandi, butun mamlakat quvondi. Lekin natija og‘ir bo‘ldi: guruh bosqichining uchala o‘yinida ham mag‘lub bo‘ldik. Ko‘pchilikning ko‘ngli cho‘kdi, ayrimlar «bizdan futbolchi chiqmaydi» dedi, boshqalar aybdor qidirdi. Yevropaliklar «sizlarga futbol o‘ynashni kim qo‘yibdi» deb kinoya ham qilishdi.
Lekin yapon futbol mutasaddilari to‘g‘ri yo‘l tutdi. Ular hakamni, omadni yoki raqibni ayblamadi. O‘zlariga bitta savol berdi: biz nimani noto‘g‘ri qildik? Ana shu savol butun futbol tariximizni o‘zgartirdi.
«Murabbiy o‘z millatingdan chiqmaguncha...»
— Keyin yana bir muhim gap: murabbiy o‘z millatingdan chiqmaguncha, yaxshi natija qila olmaysan. Chet ellik murabbiy harakat qilishi mumkin, ammo millat, vatan degan tushunchalar bo‘lmaganidan keyin jonini berib kurashmaydi-da.
Yaponlarda bir maqol bor: «Yetti marta yiqilsang ham, sakkizinchi marta tur». Ular ham turdi: bolalar futboliga e’tibor berdi, murabbiylarni tayyorladi, maktablarni rivojlantirdi va eng muhimi — shoshilmadi. 80 yillik strategiya ishlab chiqib, o‘sha bo‘yicha harakat qilishdi. Chunki ular daraxt bugun ekilib, ertaga meva bermasligini yaxshi bilardi.
Eng katta mag‘lubiyat nima?
— Yillar o‘tib, Yaponiya dunyoning eng kuchli jamoalariga qarshi bemalol o‘ynay oladigan darajaga yetdi. Shunda men bir narsani tushundim: Jahon chempionatidagi eng katta mag‘lubiyat 0:5 yoki 0:7 emas ekan. Eng katta mag‘lubiyat — yutqazganingdan keyin o‘rganishni to‘xtatishingdir.
Sening mamlakatingni (O‘zbekistonni) ham yutqazgani yaxshi bo‘ldi, deganimning sababi shu. Bugungi mag‘lubiyatingiz ertangi g‘alabangizning poydevori bo‘lishi mumkin. Yutganingizda kamtar bo‘ling, yutqizganingizda — sabrli. Inson hayoti ham bitta o‘yindan iborat emas, hayot bu — uzoq chempionat.































Izohlar 0
…