O‘zbekistonda qog‘oz avtostraxovka polislari bekor qilinadi

O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta tizimini o‘zgartiruvchi O‘RQ-1154-sonli qonun qabul qilindi. Yangi tartib haydovchilar uchun sug‘urta xizmatlarini raqamlashtirish, hujjat rasmiylashtirishni soddalashtirish va yo‘l-transport hodisasidan keyin tovon puli olish jarayonini yengillashtirishni nazarda tutadi.
Qonunga ko‘ra, qog‘oz shaklidagi sug‘urta polislari bekor qilinib, majburiy avtosug‘urta to‘liq elektron formatga o‘tkaziladi. Polislar elektron tarzda rasmiylashtiriladi va ularni qog‘ozda olib yurish talab etilmaydi.
Yo‘l-transport hodisasida jabrlangan shaxs tovon puli uchun o‘zining sug‘urta kompaniyasiga yoki avariyaga aybdor haydovchining sug‘urtalovchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
«Cheklovsiz» yoki VIP polis rasmiylashtirilganda avtomobil egasi va uning yaqin qarindoshlari avtomatik ravishda sug‘urtalangan shaxslar qatoriga kiritiladi.
Qonun sug‘urta kompaniyalariga qo‘yiladigan moliyaviy talablarni ham kuchaytiradi. Agar foydani taqsimlash kompaniyaning to‘lov qobiliyatiga xavf tug‘dirsa, bunday taqsimotga yo‘l qo‘yilmaydi. Sug‘urtalovchilar mijozlarga xizmat narxi, polis shartlari va tovon to‘lash tartibi haqida ochiq ma’lumot berishi shart.
Elektron tijorat operatorlari, adjasterlar va syurveyerlar uchun esa faoliyatni xabardor qilish tartibi joriy etiladi.































Izohlar 0
…