“Andijon polkasi” yo‘lida fojia: bir o‘quvchi halok bo‘ldi

“Andijon polkasi” yo‘lida fojia: bir o‘quvchi halok bo‘ldi

Andijon viloyati Asaka tumanida “Andijon polkasi” tadbiridan qaytayotgan 14-maktab o‘quvchilari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. YTH oqibatida bir nafar o‘quvchi hayotdan ko‘z yumdi, yana bir necha kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Mazkur voqea yuzasidan Andijon viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 23 iyun kuni soat 12:30 atrofida Asaka tumani “Dasturxonchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining 325-kilometrida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan T.X. boshqaruvidagi Damas avtomobili svetafor bilan boshqariladigan chorrahada chapga burilish chog‘ida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan ZIL-138 rusumli yuk mashinasiga yo‘l bermagan. Oqibatda ikki transport vositasi to‘qnashib ketgan.

Halokat natijasida Damas salonida bo‘lgan 2011 yilda tug‘ilgan N.F. og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, o‘quvchining hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Shahar ko‘chasida turgan o‘smir yigitning oq-qora selfi surati.

Mazkur hodisa yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ushbu fojia ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Pedagog va jamoatchilik faoli Isroil Tillaboyev mas’ullarga murojaat qilib, bunday ommaviy tadbirlarni tashkil etishda bolalar xavfsizligi qay darajada ta’minlanganiga e’tibor qaratdi.

“Birgina rekord yoki tadbir sabab bolalar hayoti xavf ostiga qo‘yilmasligi kerak. 45 daraja issiqda bolalarni tadbirga olib chiqish oqibatlari uchun kim javob beradi?” deya savol qo‘ydi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham voqea ortidan Madaniyat vazirligi faoliyatini tanqid qildi. Uning fikricha, fojia yuz bergan bir paytda rasmiylarning sukut saqlashi jamoatchilikda haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Holat yuzasidan tergov davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar