Mundial natijalari O‘zbekistonga qimmatga tushdi

Mundial natijalari O‘zbekistonga qimmatga tushdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichidagi uchta mag‘lubiyatdan so‘ng FIFA reytingining onlayn hisob-kitobida o‘n pog‘ona pastladi. Terma jamoa 50-o‘rindan 60-pog‘onaga tushib, jami 49,20 reyting ochkosini yo‘qotdi. Hozirgi dastlabki hisobda O‘zbekistonning jamg‘armasi 1409,73 ballni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston dastlab Kolumbiyaga 1:3 hisobida yutqazib, 14,25 ochkodan ayrildi. Portugaliyaga qarshi 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat yana 11,64 ochko yo‘qotilishiga sabab bo‘ldi. Kongo DRga qarshi so‘nggi uchrashuvdagi 1:3 hisobidan keyin esa jamoa hisobi yana 23,10 ochkoga kamaydi.

Guruhda birinchi o‘rinni egallagan Kolumbiya aksincha, reytingda yuqoriladi. Jamoa O‘zbekiston va Kongo DR ustidan g‘alaba qozonib, Portugaliya bilan durang o‘ynadi. Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, kolumbiyaliklar 29,07 ochko qo‘shib oldi va 13-o‘rindan 11-pog‘onaga ko‘tarildi. Ularning umumiy ko‘rsatkichi 1727,42 ballga yetdi.

Portugaliya guruhda bir g‘alaba va ikki durang qayd etdi. Kongo DR bilan 1:1 natija jamoaga 12,76 ochko yo‘qottirgan bo‘lsa, O‘zbekiston ustidan yirik g‘alaba 11,64 ochko qaytardi. Kolumbiya bilan durangdan keyin yana ochko kamaydi. Natijada Portugaliya 1766,74 ball bilan 5-o‘rindan 8-pog‘onaga tushdi.

Kongo DR uchun esa O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alaba katta o‘sish olib keldi. Afrika jamoasi guruhda Portugaliya bilan durang o‘ynadi, Kolumbiyaga yutqazdi va O‘zbekistonni yengdi. Shu natijalardan keyin Kongo DR 21,05 ochko qo‘shib, 46-o‘rindan taxminan 41-pog‘onaga ko‘tarildi. Jamoa hisobida 1495,48 ball bor.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar