Bodxana Sivanandan shaxmat tarixidagi 38 yillik rekordni yangiladi

Bodxana Sivanandan shaxmat tarixidagi 38 yillik rekordni yangiladi

Buyuk Britaniyalik 11 yoshli shaxmatchi Bodxana Sivanandan ayollar o‘rtasidagi eng yosh xalqaro master bo‘lish uchun zarur talablarni bajardi. U 1988 yildan beri saqlanib kelayotgan Yudit Polgar rekordini yangiladi. Bu haqda «The Guardian» xabar berdi.

Bodxana 23 oktyabr kuni Chernogoriyaning Budva shahrida o‘tkazilgan Yevropa klublar kubogining so‘nggi turida shvetsiyalik Viktoriya Yoxanssonni mag‘lub etdi. U yetti imkoniyatdan 5,5 ochko to‘plab, xalqaro masterlik uchun zarur bo‘lgan uchinchi va so‘nggi normani bajardi. Shuningdek, shaxmatchining reytingi talab etiladigan 2400 balllik chegaradan oshdi.

Bodxana bu natijaga 11 yosh, 7 oy va 16 kunligida erishdi. Ungacha ushbu rekord vengriyalik afsonaviy shaxmatchi Yudit Polgarga tegishli bo‘lib, u 1988 yilda xalqaro masterlik talablarini 12 yoshida bajargan edi.

Bodxana xalqaro masterlik talablarini bajargan eng yosh shaxmatchilar umumiy ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonlik Javohir Sindarov esa 2017 yilda 11 yosh, 6 oy va 16 kunligida ushbu natijaga erishib, ro‘yxatda oltinchi o‘rinda turibdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar