2020 yilning 10 fevralida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi futbolchisi Oston O‘runov Rossiya premer-ligasi ishtirokchisi “Ufa” bilan shartnoma imzolagani o‘zbek futboli mutaxassislari va muxlislarini xursand qilgan edi.
O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini Rossiyada o‘tkazgan hamyurtimiz o‘zining kreativ o‘yini orqali rus futbolining barcha katta jamoalarini o‘ziga qaratdi. Mavsumlar oralig‘ida unga “Zenit”, “Rubin”, SSKA kabi qudratli klublardan chorlov oldi. Ostonni Rossiya futboliga olib kirgan Shamil Gazizov o‘zbek legionerini o‘zi taklif etilgan “Spartak”ga olib ketdi. “Ufa” rahbariyati ham sobiq bosh direktorga qarshi chiqa olmadi. Ham iste’dodli o‘yinchi, ham “spartakchilar”dan ko‘p pul to‘laydigan takliflardan quruq qoldi.
Keyinroq, Gazizovning ishi “Spartak” xo‘jayinlarini qoniqtirmadi. U amalga oshirgan transferlar tanqid qilindi. Aleksandr Kokorin “Spartak”dan “Fiorentina”ga qochib qutilgan bo‘lsa, Oston oxirigacha o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi. Oxir-oqibat Shamil Gazizovning O‘runovni “Spartak”ga joylash qarori noto‘g‘ri bo‘lgani ko‘rindi.
“Spartak” hamma ham o‘ynab keta olmaydigan “tuprog‘i og‘ir” jamoa. Bundan yigirma yil oldin O‘zbekistonning eng zo‘r to‘purari Ja’far Irismetov ham “Spartak” tarkibida birorta gol urolmay, jamoani tark etishga majbur bo‘lgandi. Tarix yana takrorlandi. Endi o‘zbekistonlik futbolchilar “Spartak”ga bormasa ham kerak. Ular ham O‘zbekistondan legioner qabul qilishda yetti bor o‘lchaydigan bo‘ldi.
Rossiyalik jurnalistlar “Spartak” va Oston O‘runov munosabatlarida eng esda qolarli vaziyatlarni qalamga oldi. E’tiboringizga shu ma’lumotlarni havola etamiz.
1. “Spartak” Oston O‘runov transferi uchun bir million yevroga yaqin pul to‘ladi. O‘tgan yil boshida Shvmil Gazizov o‘zbek futbolchisini olib kelishga 150 ming yevro xarajat qilgandi.
2. “Spartak” muxlislari soni 35 milliontaga ko‘paydi. Bu mamlakatimiz aholisining soni, - degan edi O‘runov dastlabki intervyusida. Demak, endi “Spartak” muxlislari soni 35 milliontaga kamayadi.
3. “Spartak”dagi debyutini nishonlashga ulgurmagan O‘runov Gucci va Louis Vuitton kabi brendlarning qimmatbaho mahsulotlarini sotib olganini shaxsiy sahifasida ko‘z-ko‘z qilib, kulgi va tanqidlar ostida qoldi. Oston rasmlarni tez o‘chirib tashlagan va Gazizovdan gap eshitgan bo‘lsa-da, bu post tarqalib ulgurgan edi.
4. “Spartak” rasmiy tvitterida o‘zbek tilida sahifa ochdi. Ular 35 million aholining e’tiborini qozonmoqchi edi. So‘nggi bor 31 dekabr kuni post qo‘yilgan sahifaga atigi 500 kishi obuna bo‘ldi.
5. O‘runov yarim mavsum davomida atigi ikki marta asosiy tarkibda maydonga tushdi. Rossiya kubogi doirasida “Rodina”ga qarshi uchrashuvda gol urishga ham erishdi. Shuningdek, premer-ligada “Zenit” bilan ilk daqiqalardan o‘ynadi. Shundan keyin oltita bellashuvda zaxiradan o‘yin qo‘shilib, bor-yo‘g‘i 13 daqiqa to‘p tepdi.
6. Taniqli murabbiy Sergey Yuranning Oston O‘runovni yoshini 4-5 yilga kichraytirgani haqidagi iddaosi ortidan kelib chiqqan mojaro hali tingani yo‘q.
7. Oston O‘runov Birlashgan Arab Amirlaridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini davomida Habib Nurmagomedov bilan bir jamoada futbol o‘ynab, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi.
Endi O‘runov uchun bu voqealar tarixga aylanib bo‘ldi. Chunki “Spartak” uni premer-liga qaydnomasidan chiqardi. Moskvaliklar bu qarorini sport prinsiplari asosida qabul qilganini bildirdi. O‘rtada uzoq muddatli shartnoma bor. O‘runov “Ufa”ga o‘tishi kutilmoqda. Biroq, hali o‘zbek futbolchisining faoliyati qanday davom etishi haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q.
Kutamiz, buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Oston O‘runov hammasi boshidan boshlashi kerak bo‘ladi. Biz O‘runov faoliyatini tiklab olishiga ishonamiz! “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Ishchi-xodimlar manfaatlari himoya qilindi