Ulefone Armor Mini 5: 100 dollarlik ixcham va himoyalangan smartfon

Ulefone kompaniyasi tugmali telefon va smartfon xususiyatlarini oʻzida jamlagan gʻayritabiiy Armor Mini 5 modelini taqdim etdi. Qurilma Android 11 operatsion tizimida ishlaydi va ilovalarni oʻrnatish imkoniyatiga ega. U 240 × 320 pikselli 2,8 dyuymli sensorli ekran hamda jismoniy klaviatura bilan jihozlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfonning texnik asosi sifatida deyarli oʻn yillik tarixga ega MediaTek MT6739 chipi tanlangan. Qurilma 1 GB tezkor va 8 GB doimiy xotiraga ega boʻlib, 64 GB gacha boʻlgan xotira kartalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, unda ikkita SIM-karta uyasi mavjud va LTE tarmogʻida ishlash imkoniyati koʻzda tutilgan.
Armor Mini 5 kamerasining imkoniyatlari juda oddiy: old va orqa tomonda 0,3 megapikselli datchiklar oʻrnatilgan. Qurilmaning asosiy ustunligi uning chidamliligidadir — u IP68, IP69K va MIL-STD-810H standartlari boʻyicha himoyalangan boʻlib, suv, chang va zarbalarga bardosh bera oladi.
Gadjet 2500 mAs sigʻimli olinadigan akkumulyator bilan taʼminlangan. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, bu quvvat kutish rejimida 311 soatgacha yetadi. Hozirda ushbu noodatiy smartfonning narxi 100 dollar etib belgilangan.





























Izohlar 0
…