Oʻzbekistonda ilk AES qurilishi boshlandi: Rosatom loyihaga start berdi

Jizzax viloyatida Oʻzbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishining boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Rossiya va Oʻzbekiston prezidentlari Vladimir Putin hamda Shavkat Mirziyoyev telekoʻprik orqali loyihaga ramziy start berishdi. Tadbirning asosiy qismi sifatida boʻlajak birinchi energoblok poydevoriga “birinchi beton” quyildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rosatom davlat korporatsiyasi vakillarining taʼkidlashicha, ushbu qadam MAGATE standartlariga muvofiq obektga rasman “qurilayotgan atom elektr stansiyasi” maqomini beradi. Rosatom bosh direktorining atom energetikasi boʻyicha birinchi oʻrinbosari Andrey Petrovning soʻzlariga koʻra, stansiya ishga tushirilgach, mamlakat elektr energiyasi isteʼmolining 14 foizigacha boʻlgan qismini qoplashi kutilmoqda.
Ushbu loyiha Rosatom uchun oʻziga xos noyob tajriba hisoblanadi. Oʻzbekistondagi AES dunyodagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish boʻyicha imzolangan ilk eksport shartnomasi asosida barpo etilmoqda. Loyiha tarkibiga VVER-1000 reaktorlariga asoslangan ikkita yirik quvvatli energoblok hamda har biri 55 MW quvvatga ega RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi.
Rejaga koʻra, atom elektr stansiyasi toʻliq quvvat bilan ishlashni boshlagach, yiliga 17,2 milliard kW·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa mintaqadagi energetika xavfsizligini taʼminlash va iqtisodiy oʻsishni jadallashtirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.





























Izohlar 0
…