Xitoy 6G texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish uchun 6 GGs chastotasini ajratdi

Xitoy Sanoat va axborotlashtirish vazirligi 6G aloqa texnologiyalarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish uchun 6 GGs diapazonidagi chastotalarni ajratganini e’lon qildi. Ushbu ruxsat mamlakatda 6G standartini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi IMT-2030 (6G) Promotion Group tadqiqot guruhiga berildi. Endilikda tashkilot Xitoyning ayrim hududlarida yangi telekommunikatsiya texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, mazkur qaror kelgusi avlod tarmoqlari uchun asosiy yechimlarni tadqiq qilish, tekshirish va sinash jarayonlarini tezlashtiradi. Ishlar Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan belgilangan texnik talablar va foydalanish stsenariylari asosida olib boriladi. 6 GGs diapazoni 6G tarmoqlari uchun eng istiqbolli chastotalardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu diapazon hozirgi 5G tarmoqlariga nisbatan yuqoriroq ma’lumot uzatish tezligi va kamroq kechikishlarni ta’minlaydi, shu bilan birga keng qamrovli hududni saqlab qoladi. Xitoy rasmiylari chastota spektrining ajratilishi nafaqat ilmiy-tadqiqot ishlarini, balki 6G texnologiyalarini standartlashtirish va sanoatga integratsiya qilish jarayonlarini ham jadallashtirishini ta’kidlamoqda.
6G tarmoqlarini yaratish bo‘yicha global poyga so‘nggi yillarda sezilarli darajada tezlashdi. Kelajakda 6G sun’iy intellekt, golografik aloqa, raqamli egizaklar, avtonom transport va sanoat avtomatizatsiyasining yangi turlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Garchi tadqiqotlar faol olib borilayotgan bo‘lsa-da, 6G texnologiyasining to‘liq tijoriy joriy etilishi kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!