NASAning Psyche apparati Marsga maksimal darajada yaqinlashdi

Bugun, 15-may kuni NASAning Psyche kosmik apparati Mars sayyorasi yonidan o‘tib, muhim gravitatsion manyovrni amalga oshirdi. Zond Mars sirtidan taxminan 4500 kilometr masofada uchib o‘tdi. Ushbu manyovr apparatga o‘z tezligini oshirish va asosiy manzil — 16 Psyche metall asteroidiga yo‘naltirilgan trayektoriyani to‘g‘rilash imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirgi vaqtda soatiga qariyb 20 ming kilometr tezlikda harakatlanayotgan apparat Mars tortishish kuchidan foydalanib, qo‘shimcha tezlanish oladi. 2023-yil kuzida start olgan ushbu missiya 2029-yilda Mars va Yupiter o‘rtasidagi asosiy asteroidlar belbog‘ida joylashgan, diametri 280 kilometrga teng bo‘lgan 16 Psyche obyektiga yetib borishi rejalashtirilgan.
NASA mutaxassislari uchun ushbu yaqinlashuv nafaqat navigatsiya, balki ilmiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Apparatdagi multispektral kamera Marsning minglab suratlarini oladi, bu esa qurilmani uzoq kosmik masofalarda emas, balki yirik obyektlar yaqinida sinab ko‘rish uchun ilk imkoniyatdir.
Shuningdek, olimlar Mars atrofidagi zaif chang halqasini aniqlashga urinib ko‘rishadi. Bu chang zarralari Fobos va Deymos yo‘ldoshlari sirtidan mikrometeoritlar ta’sirida ajralib chiqqan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, missiya jamoasi sayyora yaqinidagi kichik tabiiy yo‘ldoshlar yoki bo‘laklarni qidiradi, bu tajriba kelgusida asteroidni o‘rganishda qo‘l keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!