Marsda ulkan barmoq iziga o‘xshash sirli toshlar topildi

Mars sayyorasida olimlar e’tiborini tortgan g‘ayrioddiy geologik tuzilma aniqlandi. Sayyora yuzasida qariyb 5 ga 15 kilometr hududni egallagan, ulkan barmoq izini eslatuvchi naqshni hosil qilgan och rangli yirik toshlarning uzun va egri-bugri qatorlari qayd etildi. Bu haqda «ScienceAlert» nashri xabar berdi.
Mazkur g‘ayrioddiy manzara NASA'ning Mars Reconnaissance Orbiter orbital apparatiga o‘rnatilgan HiRISE yuqori aniqlikdagi kamerasi yordamida suratga olingan. Tasvirlarda toshlar muayyan tartibda joylashib, Mars sirtida o‘ziga xos geometrik shakllarni hosil qilgani ko‘rinadi.
Qayd etilishicha, bu sirli relef Qizil sayyoraning ekvatori yaqinidagi Farsida vulqon mintaqasida, 5 ming 455 metr balandlikda joylashgan. Qizig‘i, 2002 yilda olingan arxiv orbital suratlarida ushbu hudud deyarli tekis ko‘ringan. Biroq yangi tasvirlar orasi 5–10 metrni tashkil etuvchi tosh qatorlarini ham aniq ko‘rish imkonini bergan.
AQSH Geologiya xizmati planetologi Pol Gaysler ham ushbu topilmaning noyob ekanini tasdiqlagan. Mutaxassislar hozirga qadar Marsning boshqa hech bir hududida bunday simmetrik va o‘ziga xos naqshlarni kuzatmagan.
Olimlar toshlarning paydo bo‘lishiga oid ikki taxminni ilgari surmoqda
Hozircha toshlarning aynan qanday jarayon natijasida bunday shaklda joylashib qolgani aniq emas. Biroq planetologlar ushbu hodisani izohlash uchun ikkita asosiy ilmiy taxminni ko‘rib chiqmoqda.
Birinchi versiyaga ko‘ra, Yerning qutbbo‘yi va baland tog‘li hududlarida kuzatiladigan haroratning keskin va takroriy o‘zgarishlari tog‘ jinslarining saralanishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayonda yirik xarsang toshlar mayda jinslardan ajralib, yer yuzasida chiziqlar va ko‘pburchaklarga o‘xshash shakllarni hosil qiladi. Olimlar Marsda ham shunga o‘xshash tabiiy jarayon sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti.
Ikkinchi taxmin esa sayyoradagi seysmik faollik, ya’ni Mars zilzilalari bilan bog‘liq. Bu jarayonda «Braziliya yong‘og‘i effekti» deb ataluvchi hodisa yuz berishi mumkin. Unga ko‘ra, tuproq silkinganda mayda zarralar pastga cho‘kadi, yirik toshlar esa asta-sekin yuqoriga ko‘tarilib, yer yuzasida to‘planadi.
Shunga qaramay, tadqiqotchilar oldida muhim savol turibdi: Marsdagi seysmik faollik ko‘p tonnali yirik xarsang toshlarni shunchalik aniq geometrik tartibda, egri-bugri yoylar shaklida joylashtira oladimi?
Hozircha bu savolga aniq javob yo‘q. Olimlar g‘ayrioddiy tosh tuzilmalarining kelib chiqishini o‘rganishda davom etmoqda. Ushbu topilma Mars sirtida hali to‘liq o‘rganilmagan va tabiati olimlar uchun ham sir bo‘lib qolayotgan geologik hodisalar ko‘pligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…