Xiaomi 17 Max: 8000 mAch batareya va iPhone 17 Pro Max’dan ikki baravar kuchli

Taniqli insayder Digital Chat Station boʻlajak Xiaomi 17 Max flagmanining asosiy texnik xususiyatlarini ochiqladi. Qurilma yupqa simmetrik ramkali 6,9 dyuymli RGB OLED ekranga ega boʻladi. Smartfonning unumdorligi uchun Qualcomm kompaniyasining eng soʻnggi Snapdragon 8 Gen 5 protsessori masʼul etib tayinlangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi flagmanning eng asosiy oʻziga xosligi 8000 mAch sigʻimli akkumulyatoridir. Qurilma 100 vattli simli va 50 vattli simsiz quvvatlanish texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Flagman segmenti uchun bu juda katta koʻrsatkich boʻlib, ayniqsa korpusning yupqaligi va yuqori unumdor platforma fonida hayratlanarli koʻrinadi.
Xiaomi tomonidan eʼlon qilingan sinov videosida Xiaomi 17 Max avtonom ishlash vaqti boʻyicha ikkita iPhone 17 Pro Max natijasini ortda qoldirdi. Flagman video ijro etish rejimida 33,3 soat ishlagan boʻlsa, iPhone 17 Pro Max taxminan 16 soat chidash bergan. Bu yangi modelning energiya samaradorligi juda yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Kamera tizimi Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Asosiy modul 1/1,4 dyuymli 200 megapikselli sensorni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 50 megapikselli periskopik teleobyektiv (3 karra optik yaqinlashtirish) va 50 megapikselli oʻta keng burchakli kamera mavjud. Xiaomi rahbari Lu Weibing allaqachon ushbu smartfonda olingan ilk surat namunalarini taqdim etdi.
Bundan tashqari, qurilmaning dinamiklari, vibratsiya motori va himoya darajasi kabi qoʻshimcha parametrlari ham sezilarli darajada yaxshilangan. Maʼlumot uchun, Digital Chat Station avvalroq Xiaomi 15 seriyasi va Realme GT 7 Pro xususiyatlarini rasmiy taqdimotdan oldin aniq bashorat qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!