Yandex Kartalar endi turli vaziyatlar uchun piyoda yoʻnalishlarni taklif qiladi

Yandex jamoasi oʻzining xarita xizmati uchun muhim yangilanishni eʼlon qildi. Endilikda Yandex Kartalar foydalanuvchilari oʻz xohishlari va vaziyatdan kelib chiqqan holda piyoda yoʻnalishlarni tanlashlari mumkin boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Anʼanaviy eng tezkor yoʻnalishdan tashqari, servis turli ssenariylar uchun variantlarni taklif etadi: bogʻlar va diqqatga sazovor joylar orqali oʻtuvchi sayr yoʻnalishi, gavjum koʻchalar boʻylab harakatlanish, shuningdek, tik qiyaliklar va zinapoyalarsiz "Osonroq" yoʻnalishlari shular jumlasidandir.
Zarurat tugʻilganda Yandex Kartalar "Panduslar bilan", "Kamroq zinapoyalar" yoki "Zinapoyasiz" kabi yoʻnalishlarni ham koʻrsatadi. Bu ayniqsa bolalar arabachasi yoki chamadon bilan harakatlanayotgan sayohatchilar uchun juda qulaydir.
Yoʻnalish variantlarini tanlash uchun sunʼiy intellekt masʼul hisoblanadi. Foydalanuvchi boradigan manzilini tanlaganida, servis AI yordamida shahar muhitini tahlil qiladi: masalan, bogʻlar va xiyobonlar mavjudligi, balandlik farqlari, zinapoyalar soni va koʻchalar zichligi oʻrganiladi.
Algoritmlar muayyan yoʻnalish uchun qaysi yoʻl variantlari mos kelishini hal qiladi va soʻngra ularni foydalanuvchiga tanlash uchun taqdim etadi. Ushbu yangilik shahar boʻylab harakatlanishni yanada qulay va shaxsiylashtirilgan qilishga qaratilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!