Xitoylik olimlar havo namligidan energiya oluvchi choʻziluvchan generator yaratdi

Xitoyning Xarbin politexnika instituti tadqiqotchilar jamoasi koʻp marotaba bukilish, choʻzilish va buralish holatlarida ham elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir boʻlgan choʻziluvchan namlik-elektr generatorini ishlab chiqdi. Atrof-muhitdagi namlikni elektrga aylantiruvchi gidrogel generatorlari oʻzining yumshoqligi va egiluvchanligi tufayli uzoq vaqtdan beri olimlar eʼtiborini tortib kelmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bunday qurilmalar aqlli kiyimlar, tibbiy implantlar va turli salomatlik datchiklari uchun istiqbolli quvvat manbai sifatida koʻrilmoqda. Biroq, mavjud yechimlar jiddiy muammoga — gidrogel va elektrodlar oʻrtasidagi yopishqoqlikning zaifligiga duch kelayotgan edi. Deformatsiya paytida materiallar bir-biridan koʻcha boshlaydi, bu esa ichki qarshilikni oshirib, qurilmaning ishlashini yomonlashtiradi.
Xitoylik muhandislar gidrogel tarkibini oʻzgartirish orqali ushbu muammoni hal qilishdi. Ular suv-glitserinli erituvchi qoʻshib, materialni suyuq metall va elastik kumush elektrodlar bilan birlashtirdilar. Glitserin qoʻshilishi gidrogel ichida va elektrodlar bilan chegarada koʻproq vodorod bogʻlanishlari hosil boʻlishiga xizmat qildi. Bu qatlamlararo yopishqoqlikni yaxshilab, hatto kuchli mexanik deformatsiyalarda ham ionlar oʻtishini osonlashtirdi.
Yangi konstruksiya prototipi 0,94 V dan yuqori kuchlanish va 141 mkA/sm2 tok zichligini namoyish etdi. Qurilma 1040 marta choʻzilish siklidan keyin ham oʻz ish qobiliyatini saqlab qoldi, 8000 marta 180 daraja burchak ostida bukilganda esa uning xarakteristikalari deyarli oʻzgarmadi. Glitserin, shuningdek, materialning qurib qolishi va muzlashiga chidamliligini oshirib, uni turli iqlim sharoitlarida barqaror ishlashini taʼminladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu texnologiya taqiladigan elektronika va tibbiy datchiklar uchun muhim energiya manbaiga aylanishi mumkin. Xususan, nafas olishni nazorat qilish tizimlarida qurilma energiyani bevosita chiqarilayotgan havo namligidan olishi mumkin boʻladi. Shuningdek, ushbu usul uzoq muddat xizmat qiluvchi yumshoq robototexnika va moslanuvchan elektronika tizimlarini yaratishda ham qoʻllanilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!