Sunʼiy intellektli qaydnomalar bozori qizimoqda: Pocket startapi 11 million dollar jalb qildi

Sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlanishi bilan kundalik yumushlarni yengillashtiradigan gadjetlarga talab ortib bormoqda. Xususan, uchrashuv va muloqotlarni yozib olib, ularni matnga aylantiruvchi qurilmalar bozori yangi bosqichga chiqdi. Y Combinator akseleratori tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan Pocket startapi oʻzining ixcham va hamyonbop yechimi bilan investorlar eʼtiborini tortdi va 11 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilishga muvaffaq boʻldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
TechCrunch nashri maʼlumotiga koʻra, ushbu moliyalashtirish raundida Accel venchur jamgʻarmasi, Y Combinator hamda ElevenLabs kompaniyasi asoschisi Mati Staniszewski ishtirok etgan. Pocket loyihasi Rabbit yoki Humane kabi shov-shuvli, ammo amalda murakkab boʻlgan AI gadjetlaridan farqli oʻlaroq, aniq bir muammoni hal qilishga — uchrashuvlarni sifatli yozib olish va tahlil qilishga qaratilgani bilan ajralib turadi.
Ixcham dizayn va keng imkoniyatlar
Pocket qurilmasi bank kartasi shaklidagi kichik disk boʻlib, u smartfonning orqa paneliga magnit yordamida yopishadi. Narxi 129 dollar boʻlgan ushbu gadjet foydalanuvchilarga uchrashuvlarni cheksiz yozib olish va transkripsiya qilish (nutqni matnga aylantirish) imkonini beradi. Eng muhimi, asosiy funksiyalar uchun oylik obuna talab etilmaydi, bu esa uni Plaud, Mobvoi va Anker kabi raqobatchilaridan ajratib turadi.Qurilma yordamida yozib olingan maʼlumotlar maxsus mobil ilova orqali qayta ishlanadi. Foydalanuvchilar sunʼiy intellekt yordamida uchrashuvning qisqacha mazmunini (summary) chiqarishlari, AI-assistentga savollar berishlari, aqliy xaritalar (mind maps) chizishlari va matnni turli shablonlarga oʻtkazishlari mumkin. Kompaniya oʻtgan yili ishga tushganidan buyon 130 mingdan ortiq qurilma sotishga ulgurgan.
Oflayn muloqotlarning ahamiyati
Pocket asoschilaridan biri Akshay Narisetti taʼkidlashicha, aksariyat qaydnomalar yozuvchi servislar onlayn muloqotlar uchun moʻljallangan, biroq hayotiy muloqotlarning katta qismi oflayn tarzda kechadi. Sunʼiy intellekt yaxshi ishlashi uchun unga koʻproq kontekst kerak, bu kontekst esa koʻpincha yuzma-yuz suhbatlarda shakllanadi. Shu sababli, gadjetdan advokatlar, shifokorlar, savdo agentlari va talabalar faol foydalanmoqda.Kompaniya korporativ mijozlar uchun ham bir qator qulayliklarni taqdim etadi. Pocket tizimi quyidagi servislar bilan integratsiya qilingan:
- Google Calendar va OneDrive
- Google Drive va Obsidian
- Claude va Cursor kabi sunʼiy intellekt platformalari






























Izohlar 0
…