4 iyun kuni Toshkentda yomg‘ir kutilmoqda

4 iyun kuni O‘zbekistonning bir qator hududlarida ob-havo o‘zgaruvchan tus oladi. Sinoptiklar ayrim viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Shuningdek, ayrim hududlarda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Havo harorati kechasi 19-21 daraja, kunduzi esa 31-33 daraja atrofida bo‘ladi.
Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida ham yomg‘ir yog‘ishi va chaqmoq chaqishi mumkin. Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida asosan quruq ob-havo saqlanib qoladi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa kechki soatlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yog‘ingarchilik va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kunduzi 28-33 darajagacha yetadi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo quruq bo‘lib, kunduzi harorat 38 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida ham yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Shamol asosan sharqiy yo‘nalishdan esadi. Ayrim hududlarda uning tezligi sekundiga 13-18 metrgacha kuchayishi va chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida esa vaziyat nisbatan murakkabroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi hamda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Mutaxassislar 2-5 iyun kunlari respublika bo‘ylab havo harorati biroz pasayishini prognoz qilmoqda. Shu bilan birga, yog‘ingarchiliklar sabab tog‘li va tog‘oldi hududlarda sel xavfi saqlanib qolishi ta’kidlanmoqda.
Fuqarolarga ob-havodagi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etilmoqda.





























Izohlar 0
…