Volkswagen inqiroz yoqasida: Germaniyadagi 4 ta zavod yopilishi va 100 mingga yaqin xodim boʻshatilishi mumkin

Germaniyaning Volkswagen konserni oʻz tarixidagi eng yirik inqirozli davrlardan birini boshidan oʻtkazmoqda. Reuters agentligining vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, avtogigant Germaniyadagi toʻrtta yirik zavodini yopish va 100 mingga yaqin xodimni ishdan boʻshatish masalasini koʻrib chiqmoqda. Ushbu keskin choralar kompaniyaning global bozordagi mavqeyini saqlab qolish va xarajatlarni optimallashtirishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirda Gannover, Svikkau va Emden shaharlaridagi Volkswagen zavodlari, shuningdek, Audi brendiga tegishli Nekkarsulmdagi korxona xavf ostida qolmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, faqatgina ushbu zavodlarning yopilishi 45 mingdan ortiq ish oʻrni yoʻqolishiga olib keladi. Agar avvaldan rejalashtirilgan qisqartirishlar ham qoʻshilsa, ishsiz qoladigan xodimlar soni 100 ming nafarga yetishi mumkin. Bu jahon avtosanoati tarifidagi eng yirik restrukturizatsiya jarayonlaridan biri boʻlishi kutilmoqda.
Inqirozning asosiy sabablari va tashqi bosim
Volkswagen rahbariyati bunday radikal qadamlarni bozor konyunkturasining yomonlashgani bilan izohlamoqda. Konsern bir vaqtning oʻzida bir nechta yoʻnalishda jiddiy bosimga duch keldi. Birinchidan, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari, xususan, BYD kabi brendlar nafaqat Osiyo bozorida, balki Yevropada ham Volkswagen’ni siqib chiqarmoqda. Ikkinchinchidan, AQSH tomonidan joriy etilgan yuqori boj toʻlovlari va Yevropaning oʻzida avtomobillarga boʻlgan talabning pasayishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan.Kompaniyaning kelgusi besh yillik investitsiya rejalari ham qayta koʻrib chiqilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, rivojlanish uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdori 15 foizga qisqartirilib, avvalgi rejadagi summadan sezilarli darajada kamayishi, yaʼni 130 milliard yevro atrofida boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek, Volkswagen brendi va butlovchi qismlar ishlab chiqarish boʻlimlarini alohida tuzilmalarga ajratish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Ijtimoiy norozilik va siyosiy qarshilik
Mazkur rejalar Germaniyada katta norozilik toʻlqinini keltirib chiqardi. Volkswagen ishlab chiqarish kengashi va mamlakatdagi eng yirik IG Metall kasaba uyushmasi zavodlarni saqlab qolish uchun oxirigacha kurashishlarini eʼlon qildi. Shuningdek, konsernning yirik aksiyadorlaridan biri hisoblangan Quyi Saksoniya federal yeri hukumati ham korxonalarning yopilishiga keskin qarshi chiqmoqda.Oʻzbekistonlik isteʼmolchilar uchun ham ushbu yangilik ahamiyatli, chunki Volkswagen brendi mamlakatimiz bozorida rasman taqdim etilgan va uning modellari, ayniqsa, elektromobillari ommalashib bormoqda. Germaniyadagi ishlab chiqarish quvvatlarining qisqarishi global yetkazib berish zanjiriga va brendning kelgusi strategiyasiga taʼsir koʻrsatishi muqarrar.
2025-moliya yili yakunlariga koʻra, konsern tizimida jami 667 mingdan ortiq kishi mehnat qilgan boʻlib, ularning 43 foizi aynan Germaniya hissasiga toʻgʻri keladi. Kompaniya rahbariyati hozircha ichki hujjatlar boʻyicha rasmiy izoh bermagan boʻlsa-da, butun guruh miqyosida "keng koʻlamli oʻzgarishlar" zarurligini tasdiqlagan. Vaziyat boʻyicha yakuniy qaror kuzatuv kengashining navbatdagi yigʻilishlarida qabul qilinishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…