Nega avtomobil zavodlarida robotlar insonlarni toʻla almashtira olmaydi?

Avtomobil ishlab chiqarishda robotlar murakkab qismlarni yig'ish, skanerlash va o'lchash kabi takroriy vazifalarni bajarsa-da, inson mehnatini to'liq almashtira olmaydi. Germaniyaning Porsche kompaniyasi Leyptsigdagi zavodida Panamera va Macan modellarini ishlab chiqarishda avtomatlashtirilgan tizimlarni tajribali texniklar nazorati bilan uyg'unlashtiradi.
Avtosalonlardagi yangi mashinani tomosha qilayotganda, uning qanday yigʻilgani aksariyat xaridorlarning xayoliga ham kelmaydi. Biroq keyinchalik yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklar bu jarayonning naqadar muhimligini eslatib qoʻyadi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, sanoat robotlari avtomobil ishlab chiqarish jarayonida oʻtgan asrning 70-yillaridayoq oʻz oʻrnini egallagan edi. Hozirgi kunda ham zamonaviy texnologiyalar avtomobilsozlik sanoatini tubdan oʻzgartirgan boʻlsa-da, baʼzi murakkab jarayonlarda inson ishtiroki hamon hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Germaniyaning mashhur Porsche kompaniyasi oʻzining Leyptsigdagi zavodida Panamera va Macan modellarini ishlab chiqarishda ilgʻor texnologiyalar hamda inson mehnatini oʻzaro uygʻunlashtirib kelmoqda. Bu yerda avtomobilning orqa oʻq qismini yigʻish va tekshirish jarayoni oʻta masʼuliyatli bosqich hisoblanadi. Orqa oʻqlar haydash dinamikasiga, avtomobilning qulayligi va xavfsizligiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan eng murakkab mexanik qismlardan biridir.
Murakkablik va sifat nazorati
Orqa oʻqlar avtomobilning privod turiga qarab turlicha murakkablikka ega boʻladi. Xususan, oldi privodli modellarda passiv oʻqlar ishlatilsa, toʻla yoki orqa privodli avtomobillarda tizim ancha murakkablashadi. Elektromobillarning kirib kelishi esa bu jarayonga yana bir qatlam — orqa oʻqqa oʻrnatilgan tortish dvigatellari va tegishli elektronika tizimlarini qoʻshdi. Natijada sifat nazorati har qachongidan ham muhimroq vazifaga aylandi.Porsche mutaxassislari ushbu murakkablikni hisobga olib, avtomatlashtirilgan yakuniy nazorat tizimini ishlab chiqdilar. Robotlar takrorlanuvchi va zerikarli vazifalarni bajarishda, jumladan, butun oʻq yigʻmasini skanerlashda, ulagichlarni aniqlashda va masofalarni oʻlchashda muhim rol oʻynaydi. Barcha komponentlar dasturda saqlangan maʼlumotlarga qadar tekshirib chiqiladi.
Inson omilining oʻzgarmas oʻrni
Nazorat jarayonida har bir tekshiruv nuqtasi suratga olinadi va tahlil qilinadi. Olingan tasvir maʼlumotlari uch yil davomida bazada saqlanadi. Agar kelgusida biron bir nosozlik yuzaga kelsa, mahsulot ishlab chiqarilgan paytdagi holatini osongina tekshirib koʻrish mumkin. Bu esa xaridorlar koʻzi bilan koʻra olmaydigan, ammo avtomobilning ishonchliligini taʼminlaydigan yashirin va juda muhim qadamdir.Shunga qaramay, sunʼiy intellekt va robototexnika qanchalik tez rivojlanmasin, Porsche mutaxassislari inson mehnati hamon ajralmas qism ekanini taʼkidlaydilar. Tajribali texniklar robotlar bilan sinxron tarzda ishlaydi va faqat inson sezgirligi hamda tajribasigagina tayanadigan vazifalarni bajaradi. Masalan, tormoz diskidan chiqadigan engil gʻichirlash ovozini robotlar aniqlay olmaydi.
Shu tariqa, zamonaviy avtomobilsozlik sanoati maksimal darajada avtomatlashtirilgan boʻlsa-da, har bir yangi mashina mukammallikka erishishi uchun haligacha anʼanaviy inson nazorati, yaʼni malakali mutaxassisning oʻtkir koʻzi va sezgi organlari zarur boʻlib qolmoqda.































Izohlar 0
…