18:46 / 26.07.2024
172

Fransiya Marokashning G‘arbiy Sahroyi Kabir ustidan hukmronligini tan oldi

Fransiya Marokashning G‘arbiy Sahroyi Kabir ustidan hukmronligini tan oldi
Foto: yestravel.ru
Fransiya hukumati Marokashning G‘arbiy Sahroyi Kabir ustidan suverenitetini tan oldi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga asoslanib, Al Arabiya nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Parijdagi hukumat uzoq muhokamalardan so‘ng bahsli G‘arbiy Sahroyi Kabir hududini avtonom maqomidan mahrum qilib, Marokashga “taqdim etish”ga qaror qilgan. Shu orqali G‘arbiy Afrika mintaqasida hududiy da’volarga nuqta qo‘yish maqsad qilingan.

G‘arbiy Sahroyi Kabir hududi ko‘p vaqtdan beri Marokash, Jazoir hamda Mavritaniya o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lib kelgan. Ushbu hududni Marokash to‘la o‘ziniki deb biladi. Jazoir esa hududda hech kimga bo‘ysunmaydigan alohida davlat tuzilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Mavritaniya esa, garchi bu mojaroda juda nofaol qatnashsa-da, “egasi yo‘q” g‘arbiy hududni o‘ziga qo‘shib olishga intiladi.

Bahsli hududda ayni paytda “Polisario” fronti faoliyat yuritishi aytiladi. U Jazoir bilan aloqalarga ega va Marokash geosiyosiy rejalariga qarshi turishga harakat qiladi.

Jazoir hukumati 25 iyul kuni Fransiya hukumatining “Marokash suvereniteti doirasida G‘arbiy Sahroyi Kabir mintaqasi uchun avtonomiya rejasini tan olish qarori”ga munosabat bildirgan. Ushbu qaror keskin qoralangan va kelgusida og‘ir oqibatlarga olib kelishi aytilgan.

Jazoirning G‘arbiy Sahroyi Kabir mojarosidagi pozitsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti umumiy maqsadlari bilan bog‘liq. Jazoir hukumati bahsli zonada referendum bo‘lishini va u yerdagi xalq o‘z taqdirini o‘zi belgilashini xohlaydi.

Aslida, G‘arbiy Sahroyi Kabir geografik jihatdan ulkan hududni tashkil etadi. Marokash 1975 yilda mintaqaning katta qismini Ispaniyadan tortib olgan. Keyinchalik ispanlar mintaqaning qolgan hududlaridan ham chiqib ketishdi. Hudud nazorati BMTga o‘tdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1991 yilda G‘arbiy Sahroyi Kabirning “Polisario” fronti va Marokash kuchlari o‘rtasidagi janglarni to‘xtatishda vositachilik qilgan. Hududga hattoki referendum o‘tkazish bo‘yicha missiya ham yuborilgan. Biroq missiya o‘z vazifasini bajara olmadi. G‘arbiy Sahroyi Kabir amalda mustaqil, xalqaro hamjamiyat ko‘z oldida esa maqomi noaniq hudud bo‘lib qolaverdi.

Ma’lumot o‘rnida, G‘arbiy Sahroyi Kabir shimoli-g‘arbiy Afrikadagi ziddiyatli hududlardan biridir. Uning maydoni 272 000 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Hududning taxminan 30 foizi Sahroyi Kabir Arab Demokratik Respublikasi (SADR) tomonidan nazorat qilinadi. Qolgan 70 foiz hudud esa qo‘shni Marokash tomonidan ishg‘ol qilingan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiya Marokashning G‘arbiy Sahroyi Kabir ustidan hukmronligini tan oldi