
Shimoliy Muz okeanidagi Shpitsbergen arxipelagining 2024 yilda sotuvga chiqarilgan keng yer maydoniga oxir-oqibat xaridor topildi. Agar Norvegiya hukumati geosiyosiy sabablarga ko‘ra bu kelishuvni bekor qilmasa, xaridorlar yer maydoni uchun so‘ralayotgan 300 million yevro miqdoridagi mablag‘ni to‘lashga tayyor. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, xaridorlar orasida nafaqat Norvegiya, balki boshqa xalqaro investorlar ham bor. Ular sotib olinadigan hududni uzoq muddatli ekologik o‘zgarishlardan himoya qilishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, xaridorlar orasida NATOga a’zo mamlakatlar va 1920 yildagi Shpitsbergen shartnomasiga qo‘l qo‘ygan davlatlarning fuqarolari ham mavjud.
Ammo bu yer maydonining xaridorlari hozircha Norvegiya hukumati bilan kelishuv bo‘yicha rasmiy muloqotni boshlamagan. Shu bilan birga, bu hududni sotib olish borasida hukumat bilan kelishuv olib borish zarurligi ham ta’kidlanmoqda.
Shpitsbergen arxipelagidagi mazkur maydon Longyir shahridan 65 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uning maydoni taxminan 6 ming gektarni tashkil qiladi. Bu, taqqoslash uchun aytganda, AQSHdagi Manxetten hududi bilan bir xil.
Yer maydoni sotuvga qo‘yilgan paytda bu qarorga iqlim o‘zgarishlari, xususan, Shpitsbergen hududida muzlarning tez sur’atlarda erishi sabab bo‘lgani aytilgan edi. Ayrim mutaxassislar o‘shanda bu hudud Rossiya tomonidan yuk tashish yo‘nalishlari va energetik zaxiralarni oshirish maqsadida foydalanilishi mumkinligidan xavotir bildirishgan. Shu bois Norvegiya hukumati ushbu savdo-sotiq jarayonini milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qat’iy nazoratda ushlashini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, yerdan foydalanishga bir qator jiddiy cheklovlar mavjud: xaridorlar 1920 yilgi Shpitsbergen shartnomasiga so‘zsiz amal qilishi kerak. Unga ko‘ra, arxipelag urushga oid maqsadlarda ishlatilishi qat’iyan taqiqlanadi. Mazkur shartnomani Rossiya, AQSH, Xitoy va Buyuk Britaniya kabi dunyoning 40 dan ortiq mamlakati imzolagan.
100 yil avval ushbu maydon Osloda yashovchi badavlat oilaga tegishli Aktieselskabet Kulspids nomli kompaniyaning mulki bo‘lgan. Kompaniya aksiyadorlarining ismlari oshkor qilinmagan, lekin ularning barchasi Norvegiya fuqarolari ekani ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, Shpitsbergen arxipelagi Shimoliy Muz okeanida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 61 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Uning hududining 60 foizi doimiy muzlik bilan qoplangan. Arxipelagdagi aholi soni 2020 yil holatiga ko‘ra taxminan 3 ming kishini tashkil qiladi.
O'zbekiston yangiliklari Shpitsbergen ArxipelagiNorvegiya HukumatiEkologik O‘zgarishlarXalqaro InvestorlarIqlim O‘zgarishlariHududni Sotib Olish Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar