date

660 ishtirokchi: Qozog‘istonda quroq ko‘rpa bilan rekord yangilandi

660 ishtirokchi: Qozog‘istonda quroq ko‘rpa bilan rekord yangilandi
Qozog‘istonda milliy an’analarni asrab-avaylash va ommalashtirishga bag‘ishlangan yana bir tarixiy voqea ro‘y berdi — mamlakatda quroq ko‘rpa yig‘ish bo‘yicha dunyo miqyosida rekord o‘rnatildi. Bu haqda Kursiv.media xabar berdi.

Olmaota shahrida o‘tkazilgan ushbu madaniy loyiha doirasida Alaman Quraq jamoasi tashabbusi bilan Medeu muz arenasi maydonida katta hajmdagi quroq ko‘rpa yig‘ildi. Mazkur go‘zal an’anaviy ish Global Book of Records (GBR) vakillari tomonidan rasman baholandi.

GBR'ning Osiyo va Afrika bo‘yicha bosh inspektori Quandiq Qudaybergenov bu tashabbusning ahamiyati va noyobligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “dunyoda to‘rtta asosiy jahon rekordlari kitobi mavjud bo‘lib, ulardan Global Book of Records madaniy merosga alohida e’tibor qaratadi. Olmaotadan tushgan ariza bizda qiziqish uyg‘otdi, chunki bu loyihada Qozog‘istonning barcha 20 hududidan 660 nafar quroqchi ishtirok etdi”.

Shuningdek, u quroq ko‘rpa tikish san’atining ildizlari 2500 yillik tarixga borib taqalishini ta’kidladi va GBR tomonidan YUNЕSKO dasturlariga uyg‘un holda madaniy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Quandiq Qudaybergenov ta’kidlashicha, har bir quroq ko‘rpa bir xil rangda, bir xil o‘lchamda va og‘irlikdagi materiallardan tikilgan. Bu uni boshqa madaniy rekordlardan ajratib turadi. Ushbu parametrlar Chexiya va Fransiya mutaxassislari bilan hamkorlikda tekshirilgan, yakuniy qaror esa Mumbaydagi bosh ofis tomonidan qabul qilingan.

660 nafar qatnashchi orasidagi eng yoshi 6 yoshda, eng keksa ishtirokchi esa 90 yoshda bo‘lgan. Ular orasida 5 nafar erkak, 24 nafar bola va 17 nafar o‘smir ham bo‘lgan. Eng yirik delegatsiyalar Olmaota shahri (93 kishi) va Turkiston viloyatidan (99 kishi) kelgan.

Alaman Quraq loyihasining asoschisi Nurgul Abayxanning so‘zlariga ko‘ra, mazkur an’anaviy tadbir uch yildan buyon amalga oshirilmoqda va har yili yangi rekord bilan boyitilmoqda.

– “Birinchi yili 200 kishi ishtirok etgan edi va Qozog‘iston rekordlar kitobiga kirdi. Keyingi yili Ko‘chmanchilar o‘yinlari doirasida 450 quroqchi ishtirok etdi. Bu yil esa 660 kishi butun mamlakat bo‘ylab birlashdi. Hamma ko‘rpa bir xil shaklda oldindan tikilib keltirildi va katta gilamga ulashtirildi”, – deydi u.

Quroqchi ayollar nafaqat qo‘l mehnatini namoyon etmoqda, balki milliy qadriyatlarni, an’analarni va ko‘p asrlik merosni keng targ‘ib etishga hissa qo‘shmoqda. Ularning harakati quroqni milliy brendga aylantirish sari qadam bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 660 ishtirokchi: Qozog‘istonda quroq ko‘rpa bilan rekord yangilandi