28 yil davomida dunyoni piyoda kezgan britaniyalik nihoyat uyiga qaytdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Britaniyalik Karl Bushbi 28 yil davom etgan piyoda sayohatini yakunlab, 2026 yil 2 noyabr kuni Angliyaning Xall shahridagi uyiga qaytdi.
- U 1998 yilda Chilining Punta-Arenas shahridan boshlagan ekspeditsiyasi davomida to‘rt qit’a va 30 ta davlat orqali 50 ming kilometr masofani bosib o‘tdi.
- Viza muammolari, pandemiya va ob-havo sharoitlari tufayli 12 yilga mo‘ljallangan safar 28 yilga cho‘zildi.
Britaniyalik Karl Bushbi 28 yil davomida dunyoni piyoda aylanib chiqish orzusini amalga oshirdi. U 1998 yilda boshlagan safarini yakunlab, 2026 yil 2 noyabr kuni Angliyaning Xall shahridagi uyiga qaytdi.
Karl Bushbi safarga 1998 yil 1 noyabr kuni Chilining Punta-Arenas shahridan yo‘l olgan. Uning maqsadi transport vositalaridan foydalanmasdan, dunyoni aylanib chiqish va faqat safarni to‘liq yakunlagandan keyingina uyiga qaytish edi. Shu vaqt davomida u to‘rt qit’a va 30 ta davlat orqali taxminan 50 ming kilometr masofani bosib o‘tdi.
Sarguzashtsevar safar davomida muzlagan Bering bo‘g‘ozini kesib o‘tdi, Rossiya, Osiyo va Yevropa hududlari orqali harakatlandi. Shuningdek, 2024 yilda Kaspiy dengizini 31 kunda, 2026 yil oktyabr oyida esa La-Mansh bo‘g‘ozini suzib o‘tdi. So‘nggi yo‘nalishdagi suzish uch kun davom etgan.
Karlning safarini yakunlashiga turli qiyinchiliklar, jumladan, viza muammolari, ob-havo sharoiti, moliyaviy to‘siqlar va pandemiya sabab bir necha bor kechikishlar yuzaga kelgan. Dastlab taxminan 12 yil davom etishi kutilgan ekspeditsiya shu tariqa 28 yilga cho‘zildi.
Nihoyat, u 2 noyabr kuni ona shahriga yetib keldi. Karlni onasi Anjela, 36 yoshli o‘g‘li Adam hamda shu paytgacha biror marta ko‘rmagan 12 yoshli nabirasi kutib oldi. Onasi bilan ko‘rishgan sarguzashtsevarning hayajonli lahzalari ham ommaviy axborot vositalarida aks etdi.
28 yillik safardan keyin endi nima bilan shug‘ullanishi haqidagi savolga Karl hozircha aniq rejasi yo‘qligini aytdi. Biroq uning sayohati haqida hujjatli film suratga olinmoqda, shuningdek, u kitob yozish va uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan.






























Izohlar 0
…