Jahon diplomatiya maydonida yana bir tortishuvli vaziyat yuzaga keldi. Fransiya hukumati AQSH ma’muriyati tomonidan qo‘llangan yangi sanksiyalardan jiddiy norozilik bildirdi. Gap Xalqaro Jinoyat Sudi (XJS) tergov ishlarida qatnashgan xorijlik shaxslarga nisbatan Vashington kiritgan cheklov choralari haqida ketmoqda. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, AQSH XJSning to‘rt nafar sudyasiga, jumladan fransiyalik Nikolya Giyuga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Bu qaror ayniqsa Parijda katta e’tirozga sabab bo‘ldi. Fransiyalik rasmiylar ta’kidlashicha, AQSHning bunday qadami sud organlari mustaqilligi prinsiplariga zid bo‘lib, adolat tamoyillarini buzishi mumkin.
Parij tashqi ishlar idorasi bayonotida qayd etilishicha, Fransiya AQSHning bu pozitsiyasini “hafsalasini pir qilgan holat” sifatida qabul qilgan. Ayni vaqtda ular sudyalarning ishi uchun sanksiya qo‘llanishi noqonuniy va demokratiya tamoyillariga mos kelmasligini ta’kidlashdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio yaqinda XJS tergov ishlari doirasida AQSH va Isroil fuqarolariga qarshi qo‘zg‘atilgan ishlar munosabati bilan sanksiyalar qo‘llanilishini e’lon qilgan edi. Cheklovlarga kanadalik Kimberli Prost, fransiyalik Nikolya Giyu, fidjilik Nazhat Shamim Xon va senegallik Mame Mandiaye Niang kabi nufuzli huquqshunoslar va sudyalar kiritilgan.
Fransiya bu holatni xalqaro adolat tizimiga bevosita ta’sir ko‘rsatish va uni siyosiy bosim vositasi sifatida qo‘llash deb baholamoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu tortishuv AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda yana bir jiddiy sinov nuqtasiga aylanishi mumkin.
Fransiya AQSHning XJS sudyalariga sanksiyalaridan qattiq norozi bo‘ldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar