Har kuni 15 daqiqa kitob o‘qing va pul ishlang: Singapurda noodatiy tashabbus yo‘lga qo‘yildi

Har kuni 15 daqiqa kitob o‘qing va pul ishlang: Singapurda noodatiy tashabbus yo‘lga qo‘yildi

Singapurda odamlarni telefondan biroz uzoqlashtirib, kitob o‘qishga undash uchun noodatiy tashabbus boshlandi. Endi mamlakat aholisi har kuni kamida 15 daqiqa mutolaa qilib, vaqtini maxsus raqamli platformada qayd etsa, buning evaziga virtual tangalar oladi.

Tashabbus Singapur Milliy kutubxona kengashi tomonidan ReadSG harakati doirasida amalga oshirilmoqda. Qoidasi esa juda oddiy: ishtirokchi har kuni kamida 15 daqiqa kitob o‘qiydi va sarflagan vaqtini tizimda qayd etadi.

1000 virtual tanga 1 Singapur dollariga teng.

Bir qarashda mukofot katta bo‘lmasligi mumkin. Biroq loyiha daromad olishdan ko‘ra, insonlarda muntazam mutolaa odatini shakllantirishni maqsad qilgan. Har kuni 15 daqiqadan kitob o‘qigan ishtirokchi bir yil davomida 7300 virtual tanga to‘plashi mumkin.

Singapur bu tashabbus orqali ijtimoiy tarmoqlarda maqsadsiz va uzluksiz kontent ko‘rish — "doomscrolling" odatiga muqobil mashg‘ulotni targ‘ib qilmoqda.

Mutaxassislar uzun matn o‘qish diqqatni jamlash, axborotni chuqurroq anglash va tanqidiy fikrlash bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi.

Qizig‘i, PISA-2022 natijalariga ko‘ra, Singapur 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi bo‘yicha dunyodagi yuqori natijali mamlakatlardan biri bo‘lgan. Ularning 89 foizi kamida ikkinchi darajaga erishgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar