Timsohlar yashaydigan daryoda Olimpiada musobaqalari o‘tkaziladi

2032 yilgi Olimpiada o‘yinlarida eshkak eshish musobaqalarini timsohlar yashaydigan Fitsroy daryosida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «The Athletic» xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi mazkur daryoni musobaqalar o‘tkaziladigan joylardan biri sifatida tasdiqlagan.
Avvalroq 2032 yilgi Brisben Olimpiada va Paralimpiadasi uchun sport infratuzilmasini qurish hamda modernizatsiya qilishga mas’ul GIICA tashkiloti Fitsroy daryosini kanoe va baydarka bahslari uchun mos deb topgan. Mutaxassislar daryoning asosiy parametrlarini o‘rganib, uning xalqaro sport federatsiyasi talablariga javob berishini bildirgan.
Biroq hududda timsohlar mavjudligi xavfsizlik masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda. Kvinslend bosh vaziri Devid Krissafulli mintaqaviy hokimiyat sportchilar va tomoshabinlar xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli choralar ko‘rishini ma’lum qilgan.
Fitsroy daryosida Avstraliya terma jamoasi eshkak eshuvchilari muntazam mashg‘ulot o‘tkazib keladi. Shuningdek, bu yerda universitetlar o‘rtasidagi musobaqalar ham tashkil etib turiladi.
2032 yilgi yozgi Olimpiada Avstraliyaning Brisben shahrida bo‘lib o‘tadi. Musobaqalarning ayrim turlarini shahardan tashqaridagi hududlarda, jumladan, mintaqaviy markazlarda o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Fitsroy daryosi Kvinslenddagi yirik suv havzalaridan biri bo‘lib, tabiiy landshafti va timsohlar yashaydigan hududlardan biri ekani bilan ham tanilgan.






























Izohlar 0
…