Yevropaning eng keksa erkagi 112 yoshida vafot etdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Italiyalik Vitantonio Lovallo 112 yoshida vafot etdi va shu tariqa Yevropaning eng keksa erkagi unvoniga ega bo'ldi.
- U 1914 yilda tug‘ilgan bo‘lib, rasmiy hujjatlarda 28 mart, o‘zi va oilasi esa 25 martda tug‘ilganini ta’kidlagan.
- Ikkinchi jahon urushi davrida harbiy asirga olingan Lovallo urushdan keyin ona yurtiga qaytib, umrining katta qismini Sarnelli qishlog‘ida o‘tkazgan.
Italiyalik Vitantonio Lovallo 112 yoshida vafot etdi. U vafotiga qadar Yevropada yashagan eng keksa erkak hisoblangan. Bu haqda «Corriere della Sera», ANSA va Gerontology Research Group xabar berdi.
Lovallo Italiyaning janubidagi Bazilikata viloyati, Potensa provinsiyasiga qarashli Avilyano kommunasidagi Sarnelli qishlog‘ida yashagan. U 1914 yilda tug‘ilgan va 2026 yil mart oyida 112 yoshini nishonlagan.
Rasmiy hujjatlarda uning tug‘ilgan sanasi 1914 yil 28 mart deb ko‘rsatilgan. Biroq Lovallo va uning oilasi uni aslida 25 mart kuni tug‘ilganini ta’kidlagan. Gerontology Research Group ma’lumotlariga ko‘ra, tug‘ilganlikni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi kechikish tufayli ushbu farq yuzaga kelgan.
Lovallo yoshligida cho‘pon va xachir haydovchisi bo‘lib ishlagan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida harbiy xizmatga chaqirilgan va 1943 yil sentyabridan keyin Gretsiyada nemis qo‘shinlari tomonidan asirga olingan. Keyinchalik u Germaniyadagi harbiy asirlar lageriga deportatsiya qilingan va 1945 yil 8 may kuni ozod etilgan.
Urushdan keyin Lovallo ona yurti Bazilikataga qaytib, umrining katta qismini Sarnellida o‘tkazgan. Uning uch nafar farzandi — ikki qizi va bir o‘g‘li bor edi.

Avilyano meri Juzeppe Mekka Lovalloning vafoti munosabati bilan uning hayotini sodda, kuch-g‘ayratli va oilasi hamda ona zaminiga mehr bilan o‘tgan uzoq umr sifatida ta’riflagan.
Vitantonio Lovallo 2026 yil 15 sentyabr kuni Avilyanoda 112 yoshida vafot etdi. Uning dafn marosimi 17 sentyabr kuni Sarnelli qishlog‘idagi San-Vinchenso Ferrer cherkovida o‘tkazilishi belgilangan.
Lovalloning vafotidan so‘ng Yevropadagi eng keksa erkak maqomi 111 yoshli portugaliyalik Joakim Varelaga o‘tdi. U 1915 yil 1 iyunda tug‘ilgan va uning yoshi Gerontology Research Group tomonidan tasdiqlangan.
Shu bilan birga, Yevropadagi eng keksa inson 117 yoshli britanik Etel Katerxem hisoblanadi. U 1909 yil 21 avgustda tug‘ilgan. Gerontology Research Group ma’lumotlariga ko‘ra, Varela Yevropadagi eng keksa insonlar ro‘yxatida 31 nafar ayoldan keyin 32-o‘rinda turadi.






























Izohlar 0
…