Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi qamoqdagi ilk kunini jismoniy mashqlar va kitob yozish bilan o‘tkazdi. U 2007 yilgi saylov kampaniyasini noqonuniy ravishda moliyalashtirganlikda ayblanib, besh yil ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Bu haqda Sarkozining advokati Mishel Darrua La Sante qamoqxonasi oldida BFMTV telekanaliga ma’lum qildi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident 9 kvadrat metrlik kichik kameraga joylashtirilgan va u yerda shovqin-suron doim mavjud. Shuningdek, u tushdan keyin rafiqasi bilan qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazgan.
«Qamoqdagi birinchi kun og‘ir kechdi, lekin u chidam bilan o‘tkazdi. Bu joy “Club Med” emas, bu yerda hech qanday qulaylik yo‘q», — dedi himoyachi sho‘xlik bilan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyi oxirida Parij sudi Nikolya Sarkozini Liviya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan saylov kampaniyasi ishida aybli deb topgan.
Sarkozi nafaqat besh yilga qamaldi, balki 100 ming yevro jarima to‘lash va besh yil davomida davlat lavozimlarida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!