«Siyosatni tushunmayman» degan nomzod Kanadada saylovda g‘alaba qozondi

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Kelouna shahrida noodatiy saylovoldi kampaniyasi bilan e’tibor qozongan Bredi Rojers shahar kengashidan joy oldi. U siyosiy tajribasi yo‘qligini hazil aralash ochiq aytib, o‘ziga xos shiorlar bilan saylovchilarning e’tiborini tortdi. Bu haqda International Business Times xabar berdi.
Rojersning saylovoldi plakatlarida «Men nima qilayotganimni bilmayman», «Buni qilishni unchalik ham xohlamayman» va «Faqat ijara haqini to‘lashga harakat qilyapman» kabi yozuvlar bo‘lgan. Uning kampaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Rojers 17 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovda 12 635 ta ovoz to‘plab, 37 nafar nomzod orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Kelouna shahar kengashidagi sakkizta o‘ringa da’vogarlar orasida bo‘lgan nomzod ulardan birini qo‘lga kiritdi. Bu ma’lumot shahar ma’muriyatining dastlabki saylov natijalarida ham qayd etilgan.
Qizig‘i, Rojers aslida avtomatlashtirish muhandisi va chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi biznes egasi hisoblanadi. U saylovoldi kampaniyasidagi gaplari hazilomuz uslubda aytilganini, biroq kengashdagi faoliyatiga jiddiy yondashishini bildirgan.
Shunday qilib, siyosatga qiziqmasligini hazil bilan ta’kidlagan nomzod noodatiy kampaniyasi orqali saylovchilarning e’tiborini qozonib, shahar kengashidan joy oldi.































Izohlar 0
…