Rossiyada uzoq umr ko‘rish laboratoriyasi ish boshladi

Rossiyaning Moskva shahridagi «Skolkovo» boshqaruv maktabida inson umrining uzayishi iqtisodiyot, mehnat bozori va davlat siyosatiga qanday ta’sir qilishini o‘rganuvchi laboratoriya ochildi. Uning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan forumda Vladimir Putinning qizi, Moskva davlat universiteti Tibbiyot ilmiy-ta’lim instituti direktori Mariya Voronsova ham ishtirok etdi. Bu haqda «Vedomosti» nashri xabar berdi.
Voronsova uzoq umr ko‘rishni ikki bosqichga ajratishni taklif qildi. Uning fikricha, birinchi bosqich insonning sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, to‘g‘ri ovqatlanishi va muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishi orqali tabiiy umr imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishidir. U bu imkoniyatni 85–90 yil deb baholagan.
Ikkinchi bosqich esa ilm-fan yordamida inson umrining tabiiy chegaralaridan oshib o‘tish imkoniyatlarini izlash bilan bog‘liq. Voronsova bu jarayonni «Xudoni yoki tabiatni aldash» deb ta’riflagan. Shu bilan birga, u bu yo‘nalishdagi ilmiy yutuqlar hozircha cheklanganini ta’kidlagan.
Voronsovaning taxminicha, kelgusi 10–20 yil ichida insoniyatning o‘limdan qo‘rqishi sog‘liqni saqlash tizimini qarish muammosiga yechim izlashga undashi mumkin. Uning qayd etishicha, qarishning kasallik sifatida rasman tan olinmagani ham unga qarshi dori vositalarini ishlab chiqish va klinik sinovlardan o‘tkazishni murakkablashtiradi.

Ayni paytda Rossiyada qarish jarayoniga qarshi kurashishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar ham olib borilmoqda. Jumladan, yoshga bog‘liq ayrim hujayra o‘zgarishlariga ta’sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan preparatlar ustida ishlar bor. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova avvalroq qarishga qarshi preparat ishlab chiqarishni 2028–2030 yillarda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini bildirgan. Biroq bu qarishni to‘xtatadigan vosita allaqachon yaratilganini anglatmaydi.
«Skolkovo»dagi yangi laboratoriya esa uzoq umr ko‘rishning tibbiyot, demografiya, iqtisodiyot va strategik boshqaruv bilan bog‘liq jihatlarini o‘rganadi. Tadqiqotlar asosida keksalarning hayot sifatini yaxshilash va umr davomiyligi ortishi natijasida yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Rossiya hukumati mamlakatda kutilayotgan umr davomiyligini 2030 yilgacha 78 yoshga, 2036 yilgacha esa 81 yoshga yetkazishni maqsad qilgan. Mamlakatning 2025 yil uchun e’lon qilingan ko‘rsatkichlarida bu raqam 73,4 yoshni tashkil etgan.






























Izohlar 0
…