
Isroilning “Mossad” razvedka xizmati Avstraliyada yahudiy jamoasiga qarshi ehtimoliy hujum bo‘lishi mumkinligi haqida avstraliyalik hamkasblarini oldindan ogohlantirgan. Bu haqda “Kan” telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, Avstraliya xavfsizlik tuzilmalariga terakt ehtimoli haqida bir necha bor signallar kelib tushgan. Ammo rasmiy Kanberra bu ma’lumotlarni ochiq tan olmayapti. Xususan, Yangi Janubiy Uels shtati politsiyasi rahbari Mel Lenon Isroil tomonidan bunday razvedka ma’lumoti berilmaganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar politsiyada aniq va ishonchli razvedka axboroti bo‘lganida, xavfsizlikni ta’minlash uchun keng ko‘lamli choralar ko‘rilgan bo‘lar edi. “Bunday xavf haqida oldindan ma’lumot bo‘lganda, mutlaqo boshqa darajada harakat qilgan bo‘lardik”, — degan Lenon.
Shu bilan birga, yakshanba kuni Sidney shahri yaqinida joylashgan mashhur Bonday-bich plyajida sodir bo‘lgan qonli voqea jamoatchilikni larzaga soldi. Ikki nafar shaxs tomonidan amalga oshirilgan otishma oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 29 nafar fuqaro turli darajada jarohat oldi.
Hujumchilardan biri voqea joyida yo‘q qilingan, ikkinchisi esa tiriklayin qo‘lga olingan. Eng alamlisi, ushbu fojea aynan plyajda yahudiylar Hanuku bayramini nishonlayotgan paytda yuz bergani qayd etilmoqda.
Ayni paytda Avstraliyada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, voqeaning barcha jihatlari chuqur o‘rganilmoqda. Razvedka ogohlantirishlari haqiqatdan ham bo‘lganmi yoki yo‘q — bu savol hali javobsiz qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.