Yaponiyada 90 daqiqa uxlagan ishtirokchi $14 ming oladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tokio shahrida 5-oktyabr kuni Koala Japan kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan musobaqada ishtirokchilar 90 daqiqa davomida Koala matrasida uxlab, eng yaxshi uyqu sifatini namoyish etishlari kerak.
- G‘olib maxsus uskunalar yordamida uyquning chuqurligi, tez uxlab qolish va uyqu holatining barqarorligi kabi ko‘rsatkichlar asosida aniqlanadi.
Matraslari bilan tanilgan Koala Japan kompaniyasi Yaponiyada odatdagidan butunlay farq qiladigan tanlov — uxlash bo‘yicha musobaqa tashkil etmoqda. Unda ishtirokchilar o‘zlarining eng yaxshi uxlash qobiliyatini namoyish etib, katta miqdordagi pul mukofoti uchun bellashadi. Bu haqda “Tokyo Weekender” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, noodatiy tadbir joriy yilning 5 oktyabr kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar 90 daqiqa davomida Koala matrasida uxlashi kerak bo‘ladi.
Biroq g‘olibni oddiy kuzatuv orqali aniqlashmaydi. Tashkilotchilar maxsus uskunalar yordamida ishtirokchilarning uyqu jarayonini nazorat qilib, uning sifatini baholaydi.
Jumladan, musobaqa davomida uyquning chuqurligi, ishtirokchining qanchalik tez uxlab qolgani va uyqu holatining barqarorligi o‘lchanadi. Yig‘ilgan ma’lumotlar tahlil qilinib, eng yaxshi natija qayd etgan ishtirokchi asosiy g‘olib deb topiladi.
Tanlovning bosh mukofoti esa ishtirokchilarni yanada qiziqtirishi tabiiy. G‘olibga 2,22 million iyena, ya’ni joriy kurs bo‘yicha taxminan 14 300–14 400 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti topshiriladi.
Qizig‘i, mukofot summasi ham tasodifan tanlanmagan. 2,22 million iyena raqami ommaviy madaniyatda uyquni ifodalovchi “Zzz” ovozini eslatishi bilan izohlangan. Shu tariqa kompaniya tanlovning asosiy mavzusi — uyquga ishorani mukofot miqdorida ham aks ettirgan.
Musobaqada faqat bosh sovrin uchun kurashilmaydi. Ishtirokchilar uchun bir nechta qo‘shimcha nominatsiyalar ham tashkil etilgan.
Ular orasida eng chuqur uyqu va dam olish vaqtidagi eng noodatiy yoki hatto “akrobatik” holat uchun beriladigan sovrinlar bor.
Biroq musobaqada shunchaki matrasga yotib, uxlab qolishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Tashkilotchilar ishtirokchilarni turli kutilmagan holatlarga ham tayyorlamoqda.
Xususan, har bir “bosqich” boshlanishidan oldin ishtirokchilar chigal yozish mashqlarini bajaradi. Shuningdek, ularga dam olish sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tasodifiy buyumlar beriladi.
Bundan tashqari, musobaqa jarayonida ishtirokchilar uchun kutilmagan “uyqu buzilishlari” ham tashkil etiladi. Bu esa tanlovni yanada qiziqarli va murakkab kechishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Tashkilotchilar esa mazkur “uyqu buzilishlari” aynan nimadan iborat bo‘lishini hozircha oshkor qilmayapti. Shu bois ishtirokchilarni musobaqa davomida qanday syurprizlar kutayotgani sirligicha qolmoqda.






























Izohlar 0
…