
Rossiyada davlat xizmatchilari va deputatlar uchun muhim o‘zgarish kuchga kirmoqda: endilikda ular har yili daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya topshirishga majbur bo‘lmaydi. Buni nazarda tutuvchi qonunlar to‘plami RF prezidenti Vladimir Putin tomonidan 28 dekabr kuni imzolandi va rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.
Yangi qonunlarga ko‘ra, doimiy yillik deklaratsiya amaliyoti bekor qilingan bo‘lsa-da, nazorat butunlay yo‘qolmaydi. Aksincha, muayyan holatlarda amaldorlar moliyaviy hisobot taqdim etishda davom etadi. Xususan, davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinayotganda, yangi lavozimga tayinlanganda, boshqa mansabga o‘tkazilganda yoki kadrlar zaxirasiga kiritilganda deklaratsiya berish shart bo‘lib qoladi.
Shuningdek, qonun amaldorlarni o‘z moliyaviy holatidagi jiddiy o‘zgarishlar haqida ham xabardor qilishga majbur etadi. Masalan, agar davlat xizmatchisining oilasi so‘nggi uch yillik umumiy daromadidan qimmatroq bo‘lgan uy-joy yoki boshqa qimmatbaho mol-mulk sotib olsa, bu holat albatta ma’lum qilinishi lozim.
Amaldorlarning daromadlari va mulkiy holatini tekshirish endi “Poseydon” deb nomlangan maxsus onlayn tizim orqali amalga oshiriladi. U Rossiyaning Soliq xizmati, Rosfinmonitoring, Rosreyestr, GIBDD va boshqa davlat idoralarining ma’lumotlar bazalari bilan o‘zaro bog‘langan. Rasmiylarga ko‘ra, bu tizim inson omillarini kamaytirish va nazoratni avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
Qonun 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Qonun loyihalari 10 dekabr kuni Davlat dumasiga kiritilgan, 18 dekabr kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan. 24 dekabr kuni esa ular Federatsiya kengashi tomonidan ma’qullangan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada amaldorlar 1995 yildan beri har yili daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilishga majbur bo‘lib kelgan. Biroq 2023 yil fevral oyida deputatlar va senatorlar haqidagi ma’lumotlarni faqat umumlashtirilgan ko‘rinishda e’lon qilishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, ochiq manbalarda familiyalar, aniq summa va ko‘chmas mulk ro‘yxatlari ko‘rsatilmaydi, faqat deklaratsiya topshirilgani yoki unda xato bor-yo‘qligi haqida qisqacha axborot qoladi.
Mutaxassislar bu o‘zgarishni Rossiyada davlat boshqaruvi shaffofligiga doir yondashuvning yangi bosqichi sifatida baholamoqda. Ayrimlar bunday tartib nazoratni markazlashtiradi, deb hisoblasa, boshqalar uni jamoatchilik nazorati zaiflashishi bilan bog‘lamoqda. Qanday bo‘lmasin, 2026 yildan boshlab Rossiyada amaldorlar deklaratsiya tizimi mutlaqo yangi formatda ishlay boshlaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.