Eronidagi ikki haftalik namoyishlarda qariyb ikki ming kishi halok bo'lgani aytildi

Eron rasmiylaridan biri Reuters agentligiga bergan ma'lumotida, mamlakatda ikki haftadan beri davom etayotgan norozilik aksiyalari vaqtida qariyb ikki ming nafar namoyishchi va xavfsizlik kuchlari xodimi halok bo'lganini bildirgan. Eron tashqarisidagi muxolif guruhlar esa qurbonlar soni bundan ham yuqori ekanini da'vo qilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Ismini oshkor qilmaslikni so'ragan mansabdor namoyishchilar va kuch ishlatar tuzilmalar vakillari o'limi uchun mas'uliyatni “terrorchi guruhlar” zimmasiga yuklagan. Rasmiy pozitsiyaga ko'ra, noroziliklar ustidan nazoratni radikal unsurlar qo'lga olgan, ularning harakatlari esa tashqaridan muvofiqlashtirilgan. Mamlakat rahbariyati tartibsizliklarni avj oldirish va terrorizmni qo'llab-quvvatlashda AQSh hamda Isroilni bevosita ayblagan.
Og'ir iqtisodiy vaziyat sabab boshlangan noroziliklar so'nggi kamida uch yil ichida Eron rejimi uchun eng yirik sinovlardan biri sifatida baholanmoqda. Jarayon o'tgan yili Isroil va AQSh zarbalari ortidan kuchaygan xalqaro bosim fonida kechmoqda.
Tahlilchilarga ko'ra, Eron avval ham kattaroq norozilik to'lqinlarini boshdan o'tkazgan. Biroq bu galgi namoyishlar iqtisodiy muammolar keskinlashgan, mamlakat ichki jihatdan ancha zaiflashgan pallaga to'g'ri kelayotgani bilan ajralib turibdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan biznes qiladigan har qanday davlat mahsulotlariga 25 foizlik import bojlari joriy etilishini e'lon qilgan edi. Tehron bu bayonotga hozircha ochiq munosabat bildirmagan, Xitoy esa tashabbusni tanqid qilgan. AQShning qat'iy sanksiyalari ostidagi Eron neftining asosiy qismi Xitoyga yetkazib beriladi, Turkiya, Iroq, BAA va Hindiston esa Eronning yirik savdo hamkorlari qatoriga kiradi.
Eron atrofidagi noaniqlik kuchayar ekan, Germaniya kansleri Fridrix Merts hukumat ag'darilishi mumkinligini aytgan. Uning so'zlariga ko'ra, hozir “rejimning so'nggi kunlari va haftalari” kuzatilmoqda, zo'ravonlik bilan hokimiyatni ushlab turishga urinayotgan hukumat esa amalda “yakuniga yaqinlashgan” bo'ladi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Merts tanqidini rad etib, Berlinni ikkiyuzlamachilikda ayblagan va “ishonch umidi barbod bo'lganini” ta'kidlagan. Shuningdek, u ilgari Oq uy maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan ham bog'langan — bu Trampning Eron rejimiga nisbatan harbiy kuch ishlatish tahdidlari fonida yuz bergan.
Shu bilan birga, mamlakat bo'ylab noroziliklar va ko'p yillik tashqi bosimga qaramay, 1979 yilgi Islom inqilobidan beri hokimiyatda bo'lgan tizimni yakunlashga olib kelishi mumkin bo'lgan darajadagi bo'linish kuch tuzilmalarida hozircha ko'zga tashlanmayapti.
Rasmiylar namoyishlarga nisbatan ikki xil yondashuvni ushlamoqda: iqtisodiy muammolar bo'yicha norozilik “qonuniy” deya tan olinadi, biroq xavfsizlik choralari keskin kuchaytiriladi.
Vaziyat yuzasidan ishonchli ma'lumot olishga aloqa cheklovlari, jumladan internet o'chirilishi ham xalaqit bermoqda. BMT Inson huquqlari bo'yicha boshqarmasi telefon aloqasi tiklanganini ma'lum qilgan, ammo Eron bilan internet aloqasi hanuz beqarorligicha qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!