ChatGPT yordamida bank o‘margan amerikalik 10 yilga qamaldi

ChatGPT yordamida bank o‘margan amerikalik 10 yilga qamaldi

AQSHning Nebraska shtati Omaxa shahrida yashovchi 23 yoshli Deron Lyuis-Peyn bankni qurol bilan bosib olgani va jinoyat vaqtida to‘pponcha ishlatgani uchun 121 oyga, ya’ni 10 yilu 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ma’lum bo‘lishicha, u bankka hujumni rejalashtirishda ChatGPTdan ham foydalangan. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.

Voqea 2026 yil 10 fevral kuni sodir bo‘lgan. Lyuis-Peyn Omaxa shahridagi i3 Bank filialiga kirib, ikki nafar xodimga qora yarim avtomatik to‘pponcha o‘qtalgan. U pul berishni talab qilib, xodimlarni o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Natijada u bankdan taxminan 9 175 dollar olib chiqqan.

Biroq bosqinchi o‘zini yashirishga deyarli urinmagan. Kuzatuv kameralari uning niqobsiz yuzini va o‘ziga xos qizil Nike shippaklarini aniq tasvirga olgan. Bank yaqinidagi kameralar esa uning mashinasi, davlat raqami, kuzovidagi asboblar qutisi va zanglagan joylarigacha qayd etgan.

Jinoyatdan keyin Lyuis-Peyn Westroads Mall savdo markaziga borib, o‘g‘irlangan pulning bir qismiga kiyim va poyabzal xarid qilgan. Uning xaridlari videokuzatuv kameralari hamda to‘lov ma’lumotlari orqali aniqlangan.

Politsiya uni qo‘lga olishga uringanida, Lyuis-Peyn qochishga harakat qilgan va yo‘l-yo‘lakay o‘g‘irlangan pullarning bir qismini tashlab ketgan. Tintuv jarayonida uning mashinasi, kiyimlari va o‘sha mashhur qizil Nike shippaklari ham topilgan. Politsiya o‘g‘irlangan 9 175 dollardan 2 397 dollarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Qurol esa topilmagan.

Tergovning eng qiziq jihatlaridan biri uning telefonida aniqlangan ma’lumotlar bo‘ldi. Lyuis-Peyn politsiyaning voqea joyiga yetib kelish vaqti haqida, shuningdek, Llama Mini-Max .45 rusumli to‘pponchani qismlarga ajratish va ta’mirlash hamda o‘q-dori topish haqida ChatGPTdan ma’lumot so‘ragan. Uning Google Maps tarixida esa talonchilik sodir etilgan bankka olib boruvchi yo‘nalish qidirilgani aniqlangan.

Lyuis-Peyn politsiyaga mashinani boshqarganini tan olgan, ammo bank bosqiniga aloqasi borligini rad etgan. Shunga qaramay, telefondagi ma’lumotlar, videokuzatuv tasvirlari, xaridlar va boshqa dalillar ish bo‘yicha muhim ahamiyat kasb etgan.

Sud unga bankni o‘margani uchun 37 oy, jinoyat vaqtida qurol ishlatgani uchun esa qo‘shimcha 84 oy qamoq jazosi tayinladi. Ikki jazo ketma-ket o‘taladi. Ozodlikka chiqqanidan keyin u yana besh yil davomida nazorat ostida bo‘ladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar