Fuji tog‘ida 7 yoshli bola otasi tomonidan 8 coat yolg‘iz qoldirildi

Fuji tog‘ida  7 yoshli bola otasi tomonidan 8 coat yolg‘iz qoldirildi

Yaponiyada 48 yoshli ota 7 yoshli o‘g‘lini mamlakatdagi eng baland Fuji tog‘ida yolg‘iz qoldirib, katta o‘g‘li bilan haykingni davom ettirgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kichik bola charchaganidan shikoyat qilgach, ota uni ichimlik va yegulik bilan qoldirgan va o‘zi tog‘ bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilishda davom etgan. 20 avgust kuni 7 yoshli bola tumanli va yomg‘irli ob-havoda, 2000 metrdan baland hududdagi skameykada yolg‘iz o‘tirgan holda topilgan.

Tog‘dagi boshpana xodimlari bolani cho‘qqiga olib boruvchi yo‘lning oltinchi bekati yaqinida ko‘rib qolib, darhol politsiyaga xabar bergan. Ota esa marshrutning yettinchi va sakkizinchi bekatlari oralig‘ida, taxminan uch soatlik piyoda yo‘l uzoqligida aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, bola otasini yuqori stansiyadan qaytishini qariyb sakkiz soat kutgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar otaga bu qarori uchun jiddiy tanbeh bergan. Ular hatto tog‘ga ko‘tarilish rejasidan voz kechishga to‘g‘ri kelgan taqdirda ham, kichik bolani bunday sharoitda yolg‘iz qoldirish mumkin emasligini ta’kidlagan.

Ota o‘zining “shoshilinch” qarori uchun uzr so‘ragan. Oila Fujinomiya yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan bo‘lib, mazkur marshrutning beshinchi bekatiga jamoat transporti orqali yetib borish mumkin.

Alpinizm mutaxassislarining aytishicha, beshinchi bekatdan Fuji cho‘qqisigacha ko‘tarilish taxminan besh soat, pastga tushish esa yana uch soat vaqt talab qiladi.

Fuji tog‘idagi xavflar

Balandligi 3776 metr bo‘lgan Fuji tog‘ida so‘nggi yillarda turli hodisalar qayd etilgan. Jumladan, iyul oyida 99 yoshli ayol tog‘ yo‘nalishini bosib o‘tishga uringanida yiqilib, tos suyagi va belidan jarohat olgan. Keyinchalik u qutqarib qolingan.

Tokioning janubi-g‘arbida joylashgan Fuji tog‘i 2013 yilda Butunjahon merosi maqomiga ega bo‘lgan. U Tate tog‘i va Xaku tog‘i bilan bir qatorda Yaponiyaning uchta an’anaviy “Muqaddas tog‘”idan biri hisoblanadi.

Har yili qariyb 200 ming kishi Fuji tog‘ini zabt etish uchun yo‘lga chiqadi. Biroq sayyohlar oqimi va haddan tashqari tirbandlikning oldini olish maqsadida ayrim yo‘nalishlarda kunlik tashriflar soniga cheklovlar ham joriy etilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar