Urganch–Xiva pulli yo‘lida harakatlanish qancha turadi?

Urganchdan Xivaga olib boruvchi O‘zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo‘lidan foydalanish narxlari ma’lum bo‘ldi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot kotibi Nilufar Jumayeva yo‘l haqi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, yengil avtomobillar uchun Urganch–Xiva yo‘nalishida to‘liq qatnov narxi 25 ming so‘m etib belgilangan. “Turkmanli” mahallasidan Xivagacha bo‘lgan 28 kilometrlik qisqa yo‘nalishdan foydalanish esa 20 ming so‘mni tashkil etadi.
3,5 tonnagacha bo‘lgan yengil yuk avtomobillari (N1), 8 nafardan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtobuslar (M2/M3) hamda 3,5–12 tonna og‘irlikdagi o‘rta yuk avtomobillari (N2) uchun to‘liq yo‘nalish bo‘yicha tarif 40 ming so‘m, qisqa yo‘nalish uchun esa 25 ming so‘m qilib belgilangan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l haqi undirish tizimi hozircha sinov tariqasida ishlamoqda. Tizim 25 avgustdan to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu sababli yakuniy tariflarda kichik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Loyiha doirasida 35 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li, bitta yerosti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik hamda 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan.
Yangi to‘rt tasmali magistral Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnov vaqtini ham sezilarli qisqartiradi. Amaldagi yo‘ldan foydalanib, manzilga yetib borish uchun 45–50 daqiqa talab etilsa, yangi trassada bu ko‘rsatkich 15–17 daqiqagacha kamayadi.
Mazkur avtomobil yo‘li sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini qabul qilish imkoniyatiga ega.






























Izohlar 0
…