Yo‘qolgan erkak o‘zini qidirayotgan guruhga qo‘shildi

Yo‘qolgan erkak o‘zini qidirayotgan guruhga qo‘shildi

Turkiyada g‘ayrioddiy voqea yuz berdi. 50 yoshli Beyhan Mutlu do‘stlari bilan spirtli ichimlik iste’mol qilganidan so‘ng o‘rmonga ketib, bir muddat aloqaga chiqmay qolgan. Shundan keyin yaqinlari uning yo‘qolganidan xavotirlanib, tegishli xizmatlarga xabar bergan.

Bursa viloyatining Ineg‘o‘l tumanida erkakni topish uchun qutqaruvchilar va ko‘ngillilardan iborat qidiruv guruhi tuzilgan. Mutlu esa bu paytda o‘rmonda bo‘lgan va tasodifan qidiruv guruhiga duch kelgan.

U vaziyatni tushunmay, qutqaruvchilarga qo‘shilib, yo‘qolgan odamni izlashda ularga yordam bera boshlagan. Shu tariqa u bir muddat o‘zini o‘zi qidirgan.

Vaziyat qidiruvchilar uning ismini — «Beyhan Mutlu» deb baland ovozda chaqira boshlaganida oydinlashgan. Shunda erkak hayron bo‘lib, o‘zi qidirilayotganini anglab, «Bu menman», deya javob bergan.

Keyinchalik Mutlu voqea haqida gapirib, qidiruv guruhi yo‘qolgan boshqa odamni izlayapti, deb o‘ylab, ularga qo‘shilganini aytgan. Rasmiylar uning bayonotini olib, erkakni uyiga olib borishgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar