Sog‘lom organizmning 9 ta asosiy belgisi

Organizmda ayrim o‘zgarishlar turli kasalliklardan darak berishi mumkin. Biroq tanamizdagi ba’zi belgilar, aksincha, sog‘liq holati yaxshi ekanini ko‘rsatadi. “Noviy ochag” nashri ana shunday 9 ta belgini sanab o‘tdi.
1. Bosh og‘rig‘i kam kuzatiladi
Stress, charchoq yoki jismoniy zo‘riqish sabab vaqti-vaqti bilan bosh og‘rishi tabiiy. Agar og‘riq tezda yo‘qolsa, odatda xavotirga sabab bo‘lmaydi. Ammo tez-tez takrorlanadigan yoki uzoq davom etadigan kuchli bosh og‘rig‘iga befarq bo‘lmaslik kerak.
2. Qo‘l-oyoqlar tez-tez uvishmaydi
Noqulay holatda uzoq vaqt o‘tirish yoki yotish natijasida qo‘l-oyoqlarning uvishishi odatiy holat. Bunday noqulaylik tezda o‘tib ketsa, jiddiy muammo bo‘lmasligi mumkin. Uvishish tez-tez takrorlansa yoki uzoq davom etsa, shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
3. Og‘izdan yoqimsiz hid kelmaydi
Og‘izdagi doimiy noxush hid ayrim kasalliklar yoki og‘iz bo‘shlig‘idagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Nafasning toza va yoqimsiz hidsiz bo‘lishi esa yaxshi gigiyena va sog‘lom holat belgilaridan biri hisoblanadi.
4. Kun davomida energiya yetarli bo‘ladi
Ertalab tetik uyg‘onish va kun davomida energiya darajasining keskin tushib ketmasligi organizm yaxshi ishlayotganidan darak berishi mumkin. Doimiy holsizlik va tushlikdan keyingi kuchli charchoq esa e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
5. Teri sog‘lom ko‘rinadi
Teri ham organizmdagi jarayonlarning o‘ziga xos ko‘rsatkichi. Teri rangi bir tekis, haddan tashqari quruq bo‘lmasa va doimiy toshmalar bezovta qilmasa, bu ijobiy belgidir.
6. Ichak faoliyati muntazam
Ichaklarning muntazam ishlashi hazm tizimi uchun muhim. Ich kelishida uzoq tanaffuslar kuzatilishi, ayniqsa, qabziyat doimiy tus olsa, mutaxassis bilan maslahatlashish kerak.
7. Peshob rangi odatdagi och tusda
Peshob rangi organizmdagi suyuqlik miqdori haqida ma’lum tasavvur berishi mumkin. Odatda uning rangi och sariq yoki tiniqroq bo‘ladi. Rangning keskin o‘zgarishi yoki qon aralashmasi kuzatilsa, bunga jiddiy e’tibor qaratish lozim.
8. Til pushti va toza bo‘ladi
Tilning rangi va holati ham umumiy salomatlik haqida ayrim ma’lumotlarni berishi mumkin. Odatda sog‘lom til pushti rangda, ortiqcha qoplamalarsiz bo‘ladi.
9. Kamdan-kam shamollaysiz
Yiliga bir necha marta shamollash odatiy hol bo‘lishi mumkin. Ammo virusli kasalliklar juda tez-tez takrorlansa yoki odam uzoq vaqt davomida kasallikdan chiqa olmasa, immunitet va umumiy salomatlik holatini tekshirtirish foydali.
Shuni ham unutmaslik kerakki, bu belgilar sog‘liqning mutlaq kafolati emas. Organizmda noodatiy yoki uzoq davom etadigan o‘zgarishlar kuzatilsa, shifokor ko‘rigidan o‘tish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.






























Izohlar 0
…