iPhone uchun to‘lov oilaviy fojiaga sabab bo‘ldi (video)

iPhone uchun to‘lov oilaviy fojiaga sabab bo‘ldi (video)

Hindistonning Maharashtra shtatida iPhone uchun muddatli to‘lov masalasidagi oilaviy mojaro dahshatli fojiaga aylandi. Chhatrapati Sambhajinagar hududidagi Tisgaon qishlog‘ida 18 yoshli Kunal Chandgude va uning ota-onasi jarlikdan qulab, halok bo‘ldi. Bu haqda NDTV va boshqa mahalliy nashrlar xabar berdi.

22 avgust kuni politsiya bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Kunal iPhone'ni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan va navbatdagi to‘lovni amalga oshirish uchun oilasidan pul so‘ragan. Mablag‘ masalasida otasi bilan keskin tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so‘ng yigit uydan chiqib, Tisgaon hududidagi tepalikka borgan va jarlik chetida qolgan.

Voqea joyiga Kunalning ota-onasi, mahalliy aholi, politsiya hamda yong‘in xavfsizligi xodimlari yetib kelgan. Ular qariyb uch soat davomida yigitni xavfli joydan qaytarishga uringan. Sobiq qishloq oqsoqoli Sanjay Jadhav ham Kunalni fikridan qaytarishga harakat qilgan. Ayrim odamlar esa unga yangi iPhone olib berishni va’da qilgan.

Guvohlarning aytishicha, Kunal barcha iltimoslarga qaramay, jarlik chetidan ketishdan bosh tortgan. Voqeaning ayrim lahzalari atrofda to‘plangan odamlar tomonidan videoga olingan.

Taxminan soat 13:00 atrofida Kunalning otasi Murlidhar Chandgude o‘g‘liga yaqinlashib, uni ortga tortishga uringan. Biroq har ikkisi muvozanatini yo‘qotib, jarlikka qulab tushgan. O‘g‘li va turmush o‘rtog‘ining yiqilganini ko‘rgan onasi Sangita ham ko‘p o‘tmay jarlikdan qulagan. Uchovining ham hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Politsiya marhumlarning jasadlarini olib chiqib, sud-tibbiy ekspertizasiga yuborgan. Hodisa yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan va tergov davom etmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarda fojiaga bevosita turtki sifatida iPhone uchun to‘lov masalasidagi oilaviy mojaro ko‘rsatilmoqda. Biroq politsiya voqeaning boshqa ehtimoliy sabablariga oid tafsilotlarni hozircha oshkor qilmagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar