Moldova hududiga 17 soat ichida Rossiyaga tegishli deb topilgan 5 ta dron quladi

Moldova hududiga 17 soatdan ortiq vaqt davomida Rossiyaga tegishli deb topilgan beshta dron quladi. Hodisalardan so‘ng mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Rossiyani qoraladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dronlar 15 oktyabr kunidan 16 oktyabr kuniga o‘tar kechasi va 16 oktyabr kuni Moldova havo hududiga kirgan. Ularning barchasi mamlakatning asosan shimoliy va sharqiy hududlariga qulagan. Hodisalar oqibatida bir kishi yengil tan jarohati olgan, shuningdek, moddiy zarar yetgan.
Moldova Tashqi ishlar vazirligi mazkur hodisalar fuqarolar xavfsizligiga tahdid solishini ta’kidladi. Vazirlik bayonotida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mintaqaviy barqarorlikka ham bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Dronlar bilan bog‘liq hodisalar Rossiya elchisi Oleg Ozerovni izoh berish uchun chaqirishga ham sabab bo‘lgan. Moldova hukumati avval ham mamlakat havo hududining buzilishi yuzasidan Rossiya tomonidan tushuntirish talab qilgan.
Moldova Prezidenti Mayya Sandu Rossiya tashqi siyosatini mamlakat manfaatlariga zid deb hisoblaydi. U ikki yildan ortiq vaqtdan beri Moldovada faoliyat yuritayotgan Rossiya elchisi Oleg Ozerovga diplomatik vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarni topshirishga ruxsat bermagan.
O‘z navbatida, Rossiya Moldova rahbariyatini Moskvaga nisbatan dushmanona siyosat yuritishda ayblab keladi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, ikki mamlakat munosabatlarini yaxshilash uchun Mayya Sandu hukumati «rusofobiyaga asoslangan siyosat»dan voz kechishi kerak.






























Izohlar 0
…