Zelenskiyning samolyoti dron sabab xavf ostida qoldi

Zelenskiyning samolyoti dron sabab xavf ostida qoldi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni olib ketayotgan samolyot Moldovadan Norvegiyaga uchishga tayyorlanayotgan vaqtda dron xavfi yuzaga kelgan. Bu haqda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore Norvegiya davlat teleradiokompaniyasi NRKga ma’lum qildi.

“Uning samolyoti Moldovadan uchib ketishi kerak bo‘lgan vaqtda dron bilan to‘qnashishiga oz qolgan. Bu u yashab turgan voqelik”, — dedi Styore.

Biroq bosh vazir dron samolyotga qanchalik yaqinlashgani yoki uning qayerdan uchirilgani haqida ma’lumot bermagan. Keyinchalik Norvegiya bosh vaziri devonxonasi voqeaga aniqlik kiritib, Moldova havo hududidagi dron xavfi Zelenskiy samolyotining Osloga parvozini kechiktirganini bildirdi. Samolyotga dron qanchalik yaqin bo‘lgani hozircha noma’lum.

Moldova rasmiylari ham 8 sentyabr kuni mamlakat havo hududi dron xavfi sabab vaqtincha yopilganini tasdiqlagan. Shu bois Kishinyov aeroportida bir nechta parvozlar kechiktirilgan. Zelenskiyning samolyoti ham xavf bartaraf etilganidan so‘ng parvozni davom ettirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Moldova havo hududiga kirgan dronlardan biri mamlakatning Rishkan tumanidagi dalaga qulagan va yong‘inga sabab bo‘lgan. Yana bir dron esa Ruminiya havo hududiga kirgan.

Ukraina prezidenti 8 sentyabr kuni kechqurun Osloga yetib borgan. U Norvegiya qiroli Harald V ning dafn marosimida ishtirok etgan.

Hozircha dron Zelenskiy samolyotini ataylab nishonga olgani yoki voqea tasodifiy bo‘lgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Ukraina tomonidan keltirilgan ayrim ma’lumotlarda esa Zelenskiy samolyoti uchun xavf darajasi Norvegiya bosh vaziri bayonotidagidan biroz boshqacha baholangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar