Elektron chiqindilar orasidan 191 gramm oltin topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoylik bloger minglab elektron chiqindilardan, jumladan SIM-kartalardan 191,73 gramm oltin ajratib olganini ma’lum qildi.
- Ushbu jarayonni aks ettiruvchi video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, biroq mutaxassislar oddiy SIM-kartalardagi oltin miqdori juda kamligini, 191 gramm oltin uchun taxminan 400 mingta SIM-karta kerak bo‘lishini ta’kidladi.
Xitoylik bloger minglab SIM-kartalar va boshqa elektron chiqindilardan qiymati 120 ming yuan, ya’ni taxminan 17 ming dollarlik oltin ajratib olganini ma’lum qildi. U jarayon aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgach, rolik keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Guandun provinsiyasida yashovchi bloger eski SIM-karta chiplari va boshqa elektron qismlardan jami 191,73 gramm oltin olganini da’vo qildi. Uning aytishicha, buning uchun kuchli kislotalar yordamida eritish va elektroliz orqali tiklash kabi murakkab jarayonlardan foydalanilgan.
Videoga qiziqqan foydalanuvchilardan biri: «O‘n yil ishlashdan ko‘ra, bir yil davomida elektron chiqindilarni yig‘ish yaxshiroq ekan», — deya izoh qoldirdi va blogerdan shogirdlikka olishini so‘radi. Boshqa bir foydalanuvchi esa: «SIM-karta chiplaridan ham oltin olish mumkinmi? Bu haqda hech qachon eshitmagan ekanman», — deb yozdi.
Biroq mutaxassislar oddiy SIM-kartalardagi oltin miqdori juda kamligini ta’kidladi. Videoda har bir kartada 0,02 gramm oltin borligi aytilgan bo‘lsa-da, aslida bu ko‘rsatkich atigi 0,47 milligrammni tashkil etadi. Demak, 191 gramm oltin ajratib olish uchun taxminan 400 mingta SIM-karta kerak bo‘lishi mumkin.
Yuzaga kelgan bahslardan so‘ng bloger foydalanilgan materiallar faqat oddiy SIM-kartalardan iborat emasligini tushuntirdi. Uning aytishicha, oltin telekommunikatsiya va elektronika sohasidagi oltin qoplamali chiqindi chiplardan ham ajratib olingan.
«Bu oddiy SIM-kartalardan oltin ajratib olgan bir inson haqidagi hikoya emas. Bu qimmatbaho metallarni qayta ishlash sanoatida muayyan elektron chiqindilarni qayta ishlashning qonuniy jarayonidir. Videodan maqsad shov-shuv ko‘tarish emas, balki jarayon va chiqindilarni qayta ishlash qiymatini ko‘rsatish edi», — dedi bloger.
Mutaxassislar esa bu usulni o‘zboshimchalik bilan takrorlashga urinish xavfli ekanidan ogohlantirdi. Oltin ajratish jarayonida o‘ta kuchli va korroziyaga olib keluvchi kimyoviy moddalar ishlatiladi. Ular inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi va atrof-muhitni ifloslantirishi mumkin. Shu sababli elektron chiqindilarni qayta ishlash maxsus sharoitda va xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi zarur.






























Izohlar 0
…