24 yoshli mukbang blogeri so‘nggi videodan keyin vafot etdi

24 yoshli mukbang blogeri so‘nggi videodan keyin vafot etdi

Mukbang yo‘nalishida kontent yaratgan bloger Chen Szii 24 yoshida vafot etdi. U 1,2 million nafar obunachisiga Ganfan Yingying nomi bilan tanilgan edi. Bloger so‘nggi videosini shifoxonada suratga olib, unda «salomatlik birinchi o‘rinda» ekanini ta’kidlaganidan uch kun o‘tib hayotdan ko‘z yumgan.

Chen katta miqdorda ovqat iste’mol qilib, keyin o‘zini kasal qilishi bilan bog‘liq sog‘liq muammolari haqida avval ham ochiq gapirgan. Uning 14 avgust kuni shifoxonadan joylagan so‘nggi videosida qonidagi kaliy miqdori xavfli darajada pasayib ketganini ma’lum qilgan.

Bloger 17 avgust kuni vafot etgan. Uning ota-onasi 4 sentyabr kuni internetdagi bildirishnoma orqali qizining o‘limi haqida xabar bergan. Biroq rasmiy tibbiy xulosada uning o‘limiga aniq nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan.

Chen qonidagi kaliy miqdori 2,3 mmol/l gacha tushganini aytgan. Odatda bu ko‘rsatkich taxminan 3,5–5,5 mmol/l oralig‘ida bo‘ladi. Shifoxonaga kelganida esa kaliy miqdori 2,5 mmol/l bo‘lgan va davolanishdan so‘ng 3,3 mmol/l gacha ko‘tarilgan.

Bloger sog‘lig‘iga bog‘liq muammolarni tan olgan

Mukbang — bloger katta miqdorda ovqat iste’mol qilgan holda auditoriya bilan muloqot qiladigan onlayn ko‘rsatuv turi. Chen sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni aynan mukbang faoliyati bilan bog‘lagan va bu holat sabab avval ham shifoxonaga yotqizilganini aytgan.

U so‘nggi videosida katta miqdorda ovqat iste’mol qilish ortidan kaliy miqdori tushib ketganini bildirgan. Shuningdek, tashqi tomondan bu faoliyat jozibali ko‘rinishi mumkin bo‘lsa-da, kontent yaratish ortida tun bo‘yi ovqat yeyishga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan.

Bloger obunachilariga pul muhim ekanini, ammo salomatlik doimo birinchi o‘rinda turishi kerakligini eslatib, o‘z tanasiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirgan.

Shandun provinsiyasining Lyaochen shahrida yashagan Chen Xitoyning Kuaishou videoplatformasida katta auditoriya to‘plagan. U yerda 169 ta video joylagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bloger bir reklama translyatsiyasi vaqtida 60–70 dona konservalangan tuxum iste’mol qilgan.

Chen shuningdek, ko‘proq ko‘rishlar va yuqori auditoriya ko‘rsatkichlariga erishish uchun kontent yaratuvchilarga tobora ko‘p miqdorda ovqat iste’mol qilish bosimi kuchayib borayotgani haqida ham gapirgan.

Ushbu holatdan xabardor shaxs blogerda uzoq vaqt davomida kaliy miqdori past bo‘lgani bilan bog‘liq yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilganini da’vo qilgan. Ammo bu ma’lumot hozircha rasmiy ravishda tasdiqlanmagan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ko‘p ovqat yeyishning o‘zi odatda kaliy miqdorining pasayishiga olib kelmaydi. Biroq takroriy ravishda o‘zini qusishga majburlash yoki ich surgi vositalaridan foydalanish og‘ir gipokaliyemiyani keltirib chiqarishi va yurak ritmida xavfli buzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Chjetszyan gospitalining umumiy amaliyot bo‘limi shifokori Chay Sichen ayrim mukbang kontent yaratuvchilari suratga olish jarayonidan keyin iste’mol qilgan ovqatlarini chiqarishga urinishini ta’kidlagan.

«Juda erta yakunlandi»

Chen Sziining vafoti uning ota-onasi uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi.

«Yoshlikning gullagan davrida hayoti juda erta yakunlandi. Jannatda boshqa azob bo‘lmasin. Yaxshi dam ol. Ota va onang seni doimo sog‘inadi», deya yozgan marhumaning ota-onasi.

Blogerning Kuaishou'dagi sahifasi keyinchalik o‘chirib tashlangan.

Chen Sziining o‘limi katta miqdorda ovqat iste’mol qilishga asoslangan ekstremal kontent ortida inson salomatligi uchun jiddiy xavflar bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni yana bir bor kuchaytirdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar