Ayol «Kalmar o‘yini» aktyori bilan ko‘rishish uchun 350 ming dollardan ayrildi

Ayol «Kalmar o‘yini» aktyori bilan ko‘rishish uchun 350 ming dollardan ayrildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Janubiy Koreyada 50 yoshlardagi ayol «Kalmar o‘yini» seriali yulduzi Li Jong Je bilan munosabatda ekaniga ishonib, firibgarga taxminan 350 ming dollar yubordi.
  • Firibgar aktyorning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlaridan foydalanib, ayolning ishonchini qozongan va unga «azizim», «shirinim» deb murojaat qilib, romantik hislar uyg‘otgan.

Janubiy Koreyada 50 yoshlar atrofidagi ayol mashhur «Kalmar o‘yini» (Squid Game) seriali yulduzi Li Jong Je bilan munosabatda ekaniga ishonib, internet firibgariga 500 million vondan ortiq, ya’ni taxminan 350 ming dollar yubordi. Firibgar aktyorning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratlaridan foydalanib, ayolning ishonchini qozongan.

Janubiy Koreyaning Miryan shahrida yashovchi, ommaviy axborot vositalarida «A» deb atalgan ayolga ijtimoiy tarmoq orqali o‘zini mashhur aktyor deb tanishtirgan shaxs murojaat qilgan. Keyinchalik ular KakaoTalk messenjerida muloqot qilishni boshlagan. Firibgar ayolga «azizim» va «shirinim» deb murojaat qilib, unda aktyor unga nisbatan romantik hislar paydo qilgan degan tasavvurni uyg‘otgan.

«Men aktyor Li Jong Jeman. Muxlislar bilan muloqot qilish uchun sizga yozdim», — degan u dastlabki xabarlaridan birida.

Ayol soxta aktyorning pul so‘rashlariga ham ishongan. Firibgar go‘yoki xorijdagi aeroportda qolib ketgani va uyiga qaytish uchun mablag‘ kerakligini aytgan. Ishonch qozonish uchun esa shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasining sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan suratlarini yuborgan.

«U Koreyaga qaytishim bilan pulingizni qaytaraman, deb aytgandi. Men unga ishondim», — degan ayol keyinchalik politsiyaga. Ammo bu vaqtga kelib u firibgarga 500 million vondan ortiq mablag‘ yuborib bo‘lgan edi.

Ayolning aytishicha, u soxta aktyor bilan shaxsan uchrashish imkonini beruvchi VIP ruxsatnoma uchun ham taxminan 7 500 dollar to‘lagan. Biroq har safar turli bahonalar paydo bo‘lib, uchrashuv amalga oshmagan. Firibgar yana pul talab qilishda davom etgach, ayol politsiyaga murojaat qilishga qaror qilgan.

Kyonsannam-do provinsiyasi politsiya agentligi ayol romantik munosabatlar orqali amalga oshiriladigan firibgarlik qurboni bo‘lganini tasdiqladi. Hozircha o‘zini Li Jong Je deb tanishtirgan shaxsning asl kimligi aniqlanmagan.

Voqea keng muhokamalarga sabab bo‘lgach, aktyorning agentligi ham muxlislarni ogohlantirdi. Bayonotda Li Jong Je nomidan pul so‘rayotgan shaxslarga mablag‘ yubormaslik so‘ralgan.

Afsuski, ayolning yo‘qotgan pulini qaytarib olish imkoniyati juda kam. Bundan bir necha oy avval ham Fransiyada bir ayol internet orqali o‘zini Bred Pitt deb tanishtirgan firibgarga ishonib, 850 ming dollardan ayrilgan edi.

Bu voqealar mashhur shaxslar nomidan yozadigan notanishlarga ishonishdan oldin ularning shaxsini tekshirish, ayniqsa, shaxsiy munosabatlar bahonasida pul talab qilinsa, ehtiyotkor bo‘lish zarurligini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar