Janubiy Koreyada umrbod qamoqqa hukm qilingan o‘zbekistonlik 16 yildan so‘ng ozodlikka chiqdi

Janubiy Koreyada umrbod qamoqqa hukm qilingan o‘zbekistonlik 16 yildan so‘ng ozodlikka chiqdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Janubiy Koreyada taksi haydovchisini o‘ldirish va talonchilikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan O‘zbekiston fuqarosi Akmal Bozorov 16 yildan ortiq vaqt o‘tib ozodlikka chiqdi.
  • Sud tergov jarayonida jiddiy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlab, jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.
  • 37 yoshli Akmal Bozorov 2026 yil 15 oktyabr kuni Changvon shahridagi qamoqxonadan ozod etildi.

Janubiy Koreyada taksi haydovchisini o‘ldirish va talonchilikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan O‘zbekiston fuqarosi Akmal Bozorov 16 yildan ortiq vaqt o‘tib ozodlikka chiqdi. Sud tergov jarayonida jiddiy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlab, jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.

37 yoshli Akmal Bozorov 2026 yil 15 oktyabr kuni Changvon shahridagi qamoqxonadan ozod etildi. Uni qamoqxona darvozasi oldida otasi kutib oldi.

Bozorov 2009 yilda Janubiy Koreyaning Changvon shahrida taksi haydovchisining o‘limi bilan bog‘liq jinoyatda ayblangan. U dastlabki so‘roqlarda aybiga iqror bo‘lgan, ammo keyinchalik ko‘rsatmalari bosim va noqonuniy tergov usullari ta’sirida olinganini bildirib, qotillikka aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.

2010 yil aprel oyida Oliy sud unga nisbatan chiqarilgan umrbod qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirgan. Akmal Bozorov shundan keyin 16 yildan ortiq vaqt davomida qamoqda saqlangan.

Ikki kishi qo‘lida guldasta bilan kameralar qarshisida turibdi.

Ishni qayta ko‘rib chiqish jarayonida tergovda jiddiy qonunbuzarliklar bo‘lgani aniqlandi. Jumladan, politsiya xodimlari Bozorovga jinoyat joyidan uning DNKsi topilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergani va jabrlanuvchi hali tirik ekanini aytib, undan iqrorlik ko‘rsatmasi olishga uringani qayd etildi. Shuningdek, koreys tilini yetarlicha bilmagan Bozorovga so‘roq vaqtida tarjimon taqdim etilmagani ham uning huquqlari buzilishi sifatida baholandi.

Changvon tuman sudi 15 oktyabr kuni ishni qayta ko‘rib chiqish haqida qaror chiqardi va jazo ijrosini to‘xtatdi. Shu tariqa Bozorov yangi sud jarayoni yakunlanishini qamoqdan tashqarida kutish imkoniga ega bo‘ldi.

Biroq Akmal Bozorov hali oqlangani yo‘q. Uning aybdor yoki aybsizligi qayta sud jarayonida hal qilinadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar