date

Buxoro va Xitoy o‘rtasida 200 mln dollarlik bitim tuzildi

Buxoro va Xitoy o‘rtasida 200 mln dollarlik bitim tuzildi

Buxoro viloyati hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro tumani rahbariyati xitoylik hamkorlar bilan strategik kelishuvlarga erishdi. Ushbu bitimlar doirasida hudud iqtisodiyotiga 200 million dollar investitsiya yo‘naltirilishi, mablag‘ asosan agrar yo‘nalish va sanoat ishlab chiqarishini kuchaytirishga xizmat qilishi aytildi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.

Katta paketdagi kelishuvlar tuman hokimi Anvar Ochilov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga qilgan ishchi safari yakunida shakllandi. Delegatsiya va mahalliy tadbirkorlar Pekin, Shanxay, shuningdek Shavan shahri hamda Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududida uchrashuvlar o‘tkazib, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya jalb etishni asosiy mavzu qildi.

Hamkorlardan biri — Shavan Country Daquan Township Changfeng Plastic Factory Co kompaniyasi. Xitoy tomoni Buxoroda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga zarur mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish niyatida: polietilen, plastik quvurlar, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun maxsus texnika liniyalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, investorlar agrotehnikaga servis xizmatini ham tashkil etishni zimmasiga oladi.

Tomonlar faqat uskunalar bilan cheklanib qolmay, zamonaviy agrotexnologiyalarni bevosita dalalarda joriy etish bo‘yicha ham kelishdi. Investor 6 ming gektar yer maydonida yuqori hosildor paxta navlarini yetishtirishni, bunda o‘z texnikasi va suvni tejovchi yechimlardan foydalanishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati 85 million dollarga baholanib, shundan 50 million dollari paxtachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilishi qayd etildi.

Yana bir yirik tashabbus Changzhou Huayi Suspended Floor Co ta’sischilari — Sun Yunxya, Chjan Myao va Xu Ye Fan tomonidan bildirilgan. Ular Buxoro tumanida 10 ming gektar ekin maydonini olishga qiziqish bildirib, loyiha uchun 100 million dollarlik investitsiya portfelini taklif qildi. Har ikki kompaniya delegatsiyalari kelasi yil yanvarida O‘zbekistonga kelib, rejalarni batafsil muhokama qilishi kutilmoqda.

Safar davomida buxoroliklar Shinjon-Uyg‘ur savdo-sanoat palatasi vakillari bilan ham uchrashib, texnologik almashinuv istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, Industry Going Global Working Committee forumida delegatsiya 30 dan ortiq xitoy korporatsiyalari vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot olib bordi.

Natijada yana bir qator hujjatlar imzolandi. Xususan, “Politeh Progress” korxonasi rahbari Pekindagi SCO Commodity Trade Group guruhi bilan ikki sanoat loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdi: 10 million dollarlik shisha mahsulotlari ishlab chiqarishi va 6 million dollarlik kapron qoplamalar zavodi ishga tushirilishi belgilandi.

Infratuzilma masalalari ham kun tartibida bo‘ldi. Shanxayda sanoat zonalari qurilishiga ixtisoslashgan Shanghai Pinqi Construction Engineering rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi. Kompaniya rahbari Sun Linfey yaqin orada Buxoro tumaniga kelib, hududdagi sanoat maydonlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini shaxsan taqdim etishini bildirdi.

2025 yilda Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mutasaddilar qayd etishicha, investitsiyalar tarkibi xomashyo yo‘nalishidan ko‘ra texnologik loyihalarga, jumladan, Buxoro kabi qurg‘oqchil hududlar uchun muhim bo‘lgan suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishga tobora ko‘proq burilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Buxoro va Xitoy o‘rtasida 200 mln dollarlik bitim tuzildi